$
 12021.22
-54.96
 13978.27
-16.82
 169.53
0.06
weather
+26
Кечаси   +14°

Kuniga 4,67 dollar: Sog‘lom ovqatlanish o‘zbekistonliklar cho‘ntagiga og‘irlik qilyapti

Oziq-ovqat

O‘zbekistonda oziq-ovqat narxlarining oshishi va sifatli mahsulotlar qiymatining yuqoriligi aholining sog‘lom ovqatlanish imkoniyatlarini cheklab, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq xatarlarni kuchaytirmoqda. Bu haqda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumot berdi.

Aholining 13 foizi to‘laqonli ovqatlanish imkoniyatiga ega emas

FAO ma’lumotlariga ko‘ra, 2024- yilda O‘zbekiston aholisining 13,2 foizi, ya’ni taxminan 4,8 mln kishi to‘laqonli ovqatlanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. 2022–2024-yillarda qariyb 8,7 mln kishi o‘rtacha yoki o‘tkir oziq-ovqat tanqisligiga duch kelgan.

Shu bilan birga, mamlakatda sog‘lom ovqatlanish (ratsion) qiymati bir kishi uchun kuniga 4,67 AQSH dollariga (XQP bo‘yicha) yetgan, bu qo‘shni mamlakatlar — Qozog‘iston (3,06), Tojikiston (3,62), Qirg‘iziston (3,76) va hatto Rossiya (3,29) ko‘rsatkichlaridan ham ancha yuqori bo‘lib, uning uy xo‘jaliklari uchun hamyonbopligini pasaytirmoqda.

Ovqatlanish sifati bilan bog‘liq muammolar

Tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 44 foizi kam harakatli turmush tarzini olib boradi, 36 foizi esa sog‘lom ovqatlanish tamoyillariga amal qilmaydi. Shu bilan birga, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (sut, don, meva va sabzavotlar) iste’moli kamayib, fastfud iste’moli ortib bormoqda[1], natijada semizlik bilan kasallangan kattalar ulushi 2012-yildagi 21 foizdan 2022-yilda 30 foizgacha oshib, Qozog‘iston (18,4 foiz), Qirg‘iziston (26,6 foiz), Tojikiston (23,9 foiz) va Turkmaniston (21,4 foiz) kabi qo‘shni davlatlar ko‘rsatkichlaridan oshib ketdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bilan bog‘liq qo‘shimcha xatarlar ham mavjud: zaharlanish holatlari va talabga javob bermaydigan mahsulotlarning katta hajmlari qayd etilmoqda. 2025-yilda 44 ta oziq-ovqatdan zaharlanish holati aniqlanib, xavfsizligi tasdiqlanmagan (yaroqlilik muddati o‘tgan yoki sanitariya me’yorlariga mos kelmaydigan) 33 230 tonna mahsulot yaroqsiz deb topilgan.

Теги :
Jamiyat