$
 12191.30
-29.68
 14464.98
-30.32
 158.51
0.13
weather
+26
Кечаси   +14°

Ramazon oyida ehtiyojmand oilalar uchun 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi

Ramazon oyi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, aholining ma’naviy birligini mustahkamlash va radikalizmga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-fevral kuni muqaddas Ramazon oyi arafasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish o‘tkazdi. Davlat rahbari o‘z nutqida mamlakatimiz Konstitutsiyasiga binoan O‘zbekiston — ijtimoiy davlat ekanini, binobarin, har bir fuqaro farovonligi va jamiyatdagi mehr-oqibat muhiti davlat siyosatining markazida turishini alohida ta’kidladi.

Mehr-muruvvat uchun ulkan resurslar

Prezidentning ta’kidlashicha, Ramazon oyi xalqimiz uchun nafaqat ruhiy poklanish, balki keksalar, yolg‘iz kishilar va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olish kabi ezgu qadriyatlarni namoyon etish davridir. Shu munosabat bilan, joriy yilda mazkur xayrli tadbirlarni tizimli amalga oshirish uchun “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida keng ko‘lamli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Ushbu ezgu maqsadlar uchun davlat va jamoat fondlari tomonidan misli ko‘rilmagan mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Xususan, “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m, Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali esa yana 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Jami 1 trillion so‘mdan ortiq bo‘lgan ushbu mablag‘lar ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning murakkab jarrohlik amaliyotlari va davolanish xarajatlarini qoplashga sarflanadi.

Ma’naviy immunitet va ijtimoiy reabilitatsiya

Yig‘ilishda ijtimoiy masalalar bilan bir qatorda, jamiyat barqarorligiga rahna soluvchi xavflar ham tahlil qilindi. Davlat rahbari radikal va ekstremistik g‘oyalar yoshlar va ayollar ongini zaharlashga urinayotganini afsus bilan qayd etdi. Shu munosabat bilan, kelajak avlod tarbiyachilari bo‘lgan xotin-qizlarni buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish bo‘ycha aniq vazifalar belgilandi.

Yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan fuqarolarni jamiyatga qaytarish masalasiga ham alohida yondashildi. Ularni faqat jazolash emas, balki ijtimoiylashtirish, psixologik va tibbiy ko‘mak berish, kasb-hunarga o‘rgatish orqali bandligini ta’minlash zarurligi uqtirildi. Bu jarayonda har bir insonga imkon berish va uni sog‘lom hayotga qaytarish asosiy mezon bo‘lib qoladi.

Adolat va shaffoflik — ustuvor tamoyil

Prezident Shavkat Mirziyoyev yordam pullari va ijtimoiy ko‘mak o‘z egasiga adolatli yetib borishi shartligini qat’iy talab qildi. Har bir mahallada ehtiyojmand oilalarning shaffof ro‘yxati shakllantiriladi. Bunda ko‘mak berilayotgan shaxsning diniy e’tiqodi, millati yoki ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, insoniy qadr-qimmati birinchi o‘ringa qo‘yiladi.

“Ramazon oyi — bizning birligimizni, bir-birimizga bo‘lgan hurmatimizni ko‘rsatadigan imtihon davridir”, — deya xulosa qildi davlat rahbari.

Теги :
Jamiyat