$
 11973.90
64.24
 13700.54
111.62
 154.82
2.54
weather
+26
Кечаси   +14°

5 oyda 760 dan ortiq noqonuniy qurol holati: uyda saqlangan eski qurol ham jinoyat ishi uchun asos bo‘lishi mumkin

Qurol

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar-may oylarida o‘qotar qurollarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 760 dan ortiq holat aniqlangan. Shundan 15 tasi qurol kontrabandasi bilan bog‘liq. Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, aniqlanayotgan holatlarning katta qismi uyushgan jinoiy guruhlarga emas, sovet davridan qolgan va ro‘yxatdan o‘tkazilmagan qurollarga to‘g‘ri keladi. Bunday qurollar ko‘pincha meros sifatida oilalarda saqlanib qolgan.

 2025-yildan o‘qotar qurollar muomalasi ustidan davlat nazorati Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi vakolatiga o‘tkazilgan.

Qurolning noqonuniy muomalasi nimani anglatadi?

“Qurol to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, qurol muomalasi sotish, sotib olish, saqlash, olib yurish, tashish, topshirish, ta’mirlash, ishlab chiqarish, olib kirish va olib chiqish kabi harakatlarni qamrab oladi. Bu harakatlar ruxsatnoma va belgilangan tartibsiz bajarilsa, noqonuniy muomala sifatida baholanadi.

Fuqarolar faqat qonunda nazarda tutilgan fuqaroviy qurol turlarini olishlari mumkin. Jangovar qurol fuqarolar uchun mo‘ljallanmagan.

Qurolni sotib olishdan oldin ichki ishlar organlaridan ruxsatnoma olinadi. Qurol faqat litsenziyaga ega sotuvchi orqali xarid qilinadi. Sotib olingan qurol belgilangan muddatda ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.

Ruxsatnoma bo‘lmasdan qurolni uyda saqlash ham qonun buzilishi hisoblanadi. Qurol meros bo‘lib qolgan yoki avvalgi egasidan qolgan bo‘lsa ham, uni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan saqlash mumkin emas.

O‘qotar qurol va pnevmatik qurol o‘rtasidagi farq

O‘qotar qurol porox yoki boshqa zaryad energiyasi hisobiga o‘q otadi. Ular qatoriga to‘pponcha, revolver, ov miltig‘i va avtomatlar kiradi. Pnevmatik qurol esa siqilgan havo yoki gaz energiyasi yordamida o‘q chiqaradi. U ko‘pincha sport, mashg‘ulot yoki hordiq uchun ishlatiladi. Pnevmatik qurol o‘qotar qurol hisoblanmasa ham, uning ayrim turlarini olib kirish, sotish, saqlash va olib yurish ham ruxsatnoma tartibiga bog‘liq. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil boshidan beri 58 holatda 58 dona pnevmatik qurolni O‘zbekistonga olib kirishga urinishning oldi olingan. Shuningdek, bojxona organlari 600 dan ortiq o‘q-dorini musodara qilgan.

Ayrim holatlarda chet el fuqarolari o‘q-dorini tumor yoki ko‘zmunchoq sifatida olib yurishi aniqlangan. O‘q-dori bezak buyumi sifatida ishlatilgan taqdirda ham, uning olib yurilishi va chegara orqali olib o‘tilishi qonuniy tartibga bo‘ysunadi.

Qonunchilikda qanday javobgarlik belgilangan?

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 248-moddasi o‘qotar qurol, o‘q-dori, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi ta’kidlanadi.

 Mazkur modda quyidagi holatlar uchun javobgarlik belgilaydi:

  • o‘qotar qurolni ruxsatsiz sotib olish
  • uni uyda yoki boshqa joyda saqlash
  • olib yurish yoki tashish
  • sotish, berish yoki almashtirish
  • qurolning asosiy qismlarini noqonuniy saqlash
  • o‘q-dorini noqonuniy saqlash yoki olib yurish.

 Qurol kontrabandasi esa bojxona chegarasi orqali qurol, o‘q-dori yoki uning qismlarini ruxsatsiz olib kirish yoki olib chiqish bilan bog‘liq. 2026-yilning besh oyida qayd etilgan 15 ta kontrabanda holati aynan shu turdagi qoidabuzarliklarga tegishli. Pnevmatik, signal beruvchi va ayrim boshqa turdagi qurollarning ruxsatsiz muomalasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks asosida ko‘rib chiqilishi mumkin.

Qurol topib olinsa yoki meros bo‘lib qolsa nima qilish kerak?

Qurol topib qolgan yoki meros qilib olgan shaxs uni o‘zida saqlab turmasligi kerak. Qonunchilik noqonuniy qurolni ixtiyoriy topshirgan shaxsni javobgarlikdan ozod qilish imkonini beradi va bu qoida Jinoyat kodeksining 248-moddasida belgilangan. “Qurol to‘g‘risida”gi qonunda noqonuniy qurolni topshirgan shaxslarni rag‘batlantirish mexanizmi ham nazarda tutilgan. Rag‘batlantirish miqdori qurolning turi, texnik holati va boshqa xususiyatlariga qarab belgilanadi.

Qurolni qonuniy saqlash uchun qanday talablar bor?

Qonuniy olingan qurol ham belgilangan sharoitda saqlanishi kerak. Qurol ruxsatnomasi egasining yashash joyida saqlanadi.

U begona shaxslar foydalana olmaydigan joyda bo‘lishi lozim. Qurol va o‘q-dorilar xavfsiz saqlanishi talab qilinadi. Ruxsatnoma egasi qurolni boshqa shaxsga berishi mumkin emas. Uni avtomobil salonida, ish joyida, omborxonada yoki tanishining uyida qoldirish ham saqlash tartibining buzilishi sifatida baholanishi mumkin.

Qurolni tashish va olib yurish ham ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi. Ov yoki sport musobaqasiga olib borilayotgan qurolning tashilishi alohida tartibga ega.

Теги :
Jamiyat