$
 12051.71
88.93
 14008.91
121.32
 154.69
0.75
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘lim ko‘rsatkichi keskin oshdi: Qurilish sohasida mehnat xavfsizligi uchun kim javobgar?

Qurilish

O‘zbekiston qurilish sohasida mehnat xavfsizligi masalasi jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir yil ichida sohadagi o‘lim holatlari qariyb 40 foizga ko‘paygan.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatimiz qurilish obektlarida yuz bergan baxtsiz hodisalar oqibatida 99 nafar ishchi halok bo‘ldi. Taqqoslash uchun, 2024-yilda ushbu sohada 204 ta baxtsiz hodisa qayd etilib, ularda 71 nafar fuqaro vafot etgan edi. Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, o‘tgan bir yil ichida nafaqat hodisalar soni, balki inson o‘limi bilan bog‘liq og‘ir oqibatlar ham keskin ortgan.

Fojialarga nima sabab bo‘lmoqda?

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida baxtsiz hodisalarning bir qator tizimli sabablari aniqlangan:

 * Shaxsiy himoya vositalarining yetishmasligi: Ishchilarning maxsus kiyim-kechak, dubulg‘a va balandlikda ishlash uchun xavfsizlik kamarlari bilan to‘liq ta’minlanmagani.

 * Nazorat mexanizmining zaifligi: Qurilish maydonlarida doimiy texnik va ma’muriy nazoratning yo‘qligi.

 * Xavfni noto‘g‘ri baholash: Ish jarayonlaridagi texnik xavflarni oldindan tahlil qilmaslik va profilaktik choralar ko‘rmaslik.

Rahbarlar mas’uliyati va e’tiborsizlik

Sohadagi mutaxassislarning fikricha, fojialarning ortishiga qurilish tashkilotlari rahbarlarining o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qarashi va shaxsiy javobgarlikni his qilmasligi asosiy turtki bo‘lmoqda. Vazirlik bayonotida ta’kidlanishicha, aksariyat hodisalarning oldini muntazam profilaktika va xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish orqali olish mumkin edi.

Ayni paytda qurilish sohasida mehnat muhofazasini kuchaytirish va tadbirkorlarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Zero, sohadagi texnik ko‘rsatkichlar va o‘sish sur’atlari inson xavfsizligi bilan mutanosib bo‘lishi shart.


Теги :
Jamiyat