Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 87 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +13° kechasi +9°

Uy sotib olishdan avval uning qonuniyligini qanday tekshirish kerak?

Kuni kecha Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov fuqarolarni uy-joy sotib olishdan oldin obyektni tekshirishga chaqirdi.

2 daqiqa o‘qiladi

Uy sotib olishdan avval uning qonuniyligini qanday tekshirish kerak?

Kuni kecha Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov fuqarolarni uy-joy sotib olishdan oldin obyektni tekshirishga chaqirdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qurilish vazirligi faoliyat yuritayotgan barcha 24 ta yo‘nalish to‘liq raqamlashtirilib, “Shaffof qurilish” markaziga ulangan. Bugungi kunda nazorat inspektorlari joyiga chiqqan holda barcha obyektlardagi qurilish jarayonlarini rasmga olmoqda.

“Aholiga murojaat qilmoqchiman: agar uy-joy sotib oladigan bo‘lsangiz obyektning Qurilish nazorati inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganligini tekshiring. Unga ahamiyat bersangiz, bu [ro‘yxatdan o‘tishning mavjudligi] qurilish barcha qonun-qoidalar asosida amalga oshirilayapti, degani” — deya tavsiya qildi vazir.

Hidoyatovning qayd etishicha, fuqarolar “Shaffof qurilish” onlayn platformasi orqali qurilish jarayonlari qanday kechayotganini har kuni yoki har hafta kuzatib borishi mumkin.

Qaysi sayt orqali tekshiriladi?

Mazkur imkoniyat dshk.shaffofqurilish.uz saytida yaratilgan.

Ushbu platforma orqali ko‘p qavatli turar joylar bilan birga, har qanday qurilayotgan bino-inshoot haqida to‘liq ma‘lumot olib, obyektning qurilishga oid hujjatlari bilan tanishib chiqish mumkin.

Shaffof qurilish tizimi qanday ishlaydi?

Buning uchun dshk.shaffofqurilish.uz saytiga kirib viloyatni belgilash kerak. Hudud xaritasida 3 xil rangdagi nuqtalar paydo bo‘ladi:

ko‘k — qurilayotgan;

qizil — qurilishi to‘xtatilgan;

qora — qurilishi bekor qilingan obyektlar hisoblanadi.

Kerakli obyekt tanlanganda uning nomi, manzili va buyurtmachisi paydo bo‘ladi. “QR pasportni ko‘rish” tugmasi orqali hujjatlar bilan tanishish, shuningdek, obyekt qavati, maydoni, sarflanayotgan mablag‘ haqidagi maʼlumotlarni ham olish mumkin.