$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Samarqandda 27 yoshli ayol turmush oʻrtogʻi kaltaklaganidan soʻng vafot etdi

samarqand

Samarqand viloyatida 27 yoshli Shahnoza ismli ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan kaltaklanganidan so‘ng vafot etdi. Bu haqda marhumaning yaqin qarindoshi Nemolchi.uz`ga ma’lum qildi.

Marhuma dastlab mahalladan yordam soʻragan

2025-yil 6-yanvar kuni Shahnoza erining zo‘ravonligidan so‘ng darhol ichki ishlar idoralariga murojaat qilmasdan, mahalladan yordam so‘rab chiqqan. Biroq na mahalla, na boshqa mahalliy organlar bu holat haqida huquq-tartibot idoralariga xabar berishgan yoki uning xavfsizligini ta’minlash uchun choralar ko‘rishgan. 12-yanvar kuni ayolning onasi Rossiyadan kelib, uni kasalxonaga olib borgan.

Bolalarning koʻz oʻngida kaltaklangan 

“Abbos xotinini bolalarining ko‘z o‘ngida kaltaklagan, ular hammasini buvisiga aytib berishgan. Kaltaklagandan keyin u shifokorga ko‘rinishga ruxsat bermay sigirlarga qarashga majburlagan”, — deyiladi xabarda.

Kasalxonaga yotqizilgan vaqtda ayolning tanasida eski va yangi gematomalar mavjudligi aniqlangan. Lekin ayolning sog‘lig‘i yuzasidan to‘liq tekshiruv o‘tkazilmagan. Shifokorlar unga faqat umumiy — stress va ko‘karishlar tashxisini qo‘yish bilan kifoyalangan. Marhumaning eri ham kasalxonaga kelib, uni kaltaklamaganini aytishni talab qilib, jabrlanuvchini videoga olgan.

Oʻlimga nima sabab boʻlgani nomaʼlum

1-fevral kuni Shahnozaning ahvoli og‘irlashib, reanimatsiyaga o‘tkazilgan va o‘sha yerda vafot etgan.

Ayolning onasi qizining ichki jarohatlari bor-yo‘qligi, o‘limiga nima sabab bo‘lganini haligacha bilmaydi. Tergov ishlari hozirgi holati haqida oilaga hech qanday ma’lumot berilmagan. 16-yanvar kuni marhumaning onasi ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilgan. Biroq jinoiy ish qo‘zg‘atish o‘rniga, undan kaltaklanish haqida gapirmaslikni so‘rashgan va bu holat chuqur o‘rganilmagan. Ayolning o‘limidan keyin sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilganiga qaramay, gumonlanuvchi hali ham ozodlikda qolmoqda.

Теги :
Jamiyat