Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 87 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +17° kechasi +10°

Qo‘y, bolam

Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan bir video esingizdadir. Boshlovchining “Referendumga munosabatingiz qanday” degan savoliga bir kishi “ Nima u, yomon narsa emasmi?” deb javob bergan. Bu manzara kimlargadir kulguli tuyildi, juda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi ham. Aslida esa bu holat “siyosatga aralashmaydigan” qilib tarbiyalangan xalqimizning aksidir.

3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘y, bolam

Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan bir video esingizdadir. Boshlovchining “Referendumga munosabatingiz qanday” degan savoliga bir kishi “ Nima u, yomon narsa emasmi?” deb javob bergan. Bu manzara kimlargadir kulguli tuyildi, juda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi ham. Aslida esa bu holat “siyosatga aralashmaydigan” qilib tarbiyalangan xalqimizning aksidir. 

Umri davomida bu jumlani eshitmagan biror odam bo‘lmasa kerak. Bir gap boshlasang, siyosatga aralashma, qo‘y, bolam degan gapni eshitamiz. Lekin siyosat bilan shug‘ullanmasligingiz mumkin, ammo siyosat siz bilan shug‘ullanadi. Ushbu iborani birinchi marta Perikl, keyinchalik Bismark va boshqa qator mashhur faylasuflar ishlatgan. 

Qancha davr va zamonlar o‘tmasin, aynan shu ibora hozir ham dolzarb.  

“Siyosatga aralashma”, deydiganlar odatda siyosat nimaligini bilmaydi. Siyosat shaxsimiz atrofida tashkillanayotgan hayot. Bizga tegishli bo‘lgan hayot. Siyosat odamlar uchun bor. Odamlarsiz siyosat bo‘lmaydi. Odamlar qatnashmaydigan va qiziqmaydigan siyosat odamlarga zarar keltiradi, xolos. Chunki ozchilik hech qachon ko‘pchilikning talab va istaklarini to‘liq anglolmaydi. Ko‘pchilik gapirmaguncha, qiziqmaguncha bildirmaguncha ozchilikning e’tiborini qozona olmaydi.  

Shuning uchun , siyosatdan qo‘rqish o‘rniga uni o‘rganishni boshlash kerak. Bizga saylovlar nima uchun kerak, referendumga qanchalik hojat bor edi, qanday huquqlarimiz bor-u, nimalar mumkin emas?

Afsuski, ko‘pchilik Parlament va mahalliy kengashlarga saylovlar nima uchun kerakligini, jinoiy javobgarlik bilan ma’muriy javobgarlikning farqini, Konstitutsiya necha modadan iborat ekanligini, Mehnat kodeksidagi haq-huquqlarini bilmaydi. Aholi asosan siyosatdan yiroq siyosiy savodxonligi past va uni oshirishga ehtiyoj ham sezmaydi. Nega? 

Negaki, odamlar siyosatga ishonmay qo‘ydi. Siyosatga qiziqish-da so‘ndi. Xonadonning bittagina vakili butun boshli oila uchun saylov uchastkasida o‘tirgan qay bir vallamat ko‘rsatgan nomzodga ovoz berdi. Biror tanqidiy gap aytgan odamning shu zahotiyoq og‘ziga urildi. “Bildim nima-yu, bilmadim nima?”, “Nima farqi bor?”, “Foydasi yo‘q”... Shunaqa javoblar...  

Odamlarimiz “siyosatga aralashish, siyosatni bilish o‘zining kelajagi haqida qayg‘urishdir” degan fikrdan yiroq. Chunki shu paytgacha ular na o‘zi “saylagan” deputatning va na parlamentning kuchini ko‘rdi. Ular xalqning hayotiga, kelajagiga doir muhim qarorlarda xalq tomon bo‘lmadilar, umuman, bor-yo‘qlari bilinmadi.  

Odamlar yo‘l harakati qoidalarini o‘rganyapti, gadjetlardan foydalanishni o‘rganyapti, ishlashga boraman deb chet tiliyu xorij mehnat qonunchiligini ham o‘rganyapti... Lekin siyosatga befarq. 

G’arb davlatlari demokratiyasiga e’tibor bersak, fuqarolarda “siyosatga aralashish” bu qadriyat va burch. Ular buni siyosiy institutlarga ta’sir o‘tkazish (saylov va turli kampaniyalarda qatnashish) orqali amalga oshirishadi. Parlementdagi vakillariga yoki saylagan mulozimlari qarorlariga ta’sir o‘tkazishadi. U yerlarda “agar o’zgarish istasang, ovoz ber” degan g’oya mavjud. Biz ham jamiyatimizdagi juda ko’p muammolarga yechim istaymiz, yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘lishini xohlaymiz. Shularga erishish uchun esa siyosatga aralashishimiz shart va zarur.  

Biz esa “Qo‘y bolam, siyosatga aralashma” deymiz, ammo oylik kamligidan noliymiz. 

“Qo‘y bolam, siyosatga aralashma” deymiz, ammo ishsizlikdan noliymiz. 

“Qo‘y bolam, siyosatga aralashma” deymiz, ammo farzandlarimizni Rossiyaga jo‘natamiz. 

“Qo‘y bolam, siyosatga aralashma” deymiz, ammo siyosatdan noliymiz.