Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 87 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +17° kechasi +10°

Qora bozor: “Valyutchiklik” bankdan ko‘ra samaralimi?

Nima uchun xalq bankdan ko‘ra qora bozorni afzal ko‘radi?

4 daqiqa o‘qiladi

Qora bozor: “Valyutchiklik” bankdan ko‘ra samaralimi?

Shunday “kasb”lar borki, ularning faoliyati yoki noqonuniy, yoki hayot uchun xavfli. Shunga qaramasdan ularga bo‘lgan talab yuqoriligicha turadi. Shunday “kasb”lardan biri valyuta oldi-sotdisi. Bu faoliyat “qora bozor” turiga kiradi, qonunan taqiqlangan, lekin xalq tanlovi.

Faoliyati eng ko‘p uchraydigan joylar

Valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchilar xalq tilida “valyutchiklar” deb ataladi, ya’ni rus tilidan kirib kelgan so‘z. Muqobili valyuta ayri boshlovchi, pul ayri boshlash bilan shug‘ullanuvchi. Lekin, bizni xalq doim osonini qidirib o‘rgangan.

Bizda valyuta ayirboshlashga faqat banklar va banklar tasarrufidagi bankomatlar orqali ruxsat berilgan. Buning uchun alohida faoliyat turi qonunan mavjud emas. Shunday bo‘lsa-da, valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadiganlar mamlakatimizda talaygina. Ular asosan, istalgan turdagi bozor hududi, chegara postlari, aeroportlardan chiqish joylarida faoliyat yuritadi. Albatta, chetdan kirgan odamda mamlakat valyutasi bo‘lmaydi. Uni sotib olish uchun esa aeroportga eng yaqin bank hamda bankomatga borishga majbur bo‘ladi. Bundan samarali foydalangan “valyutchiklar” esa ushbu hududlarga yaxshi o‘rnashib olgan.

Qora bozor rivojlanishiga asosiy sabab

 O‘zbekistonda eng keng tarqalgan valyutalar bu AQSH dollari hamda Rossiya rubli, bu valyutalar ayirboshlashda ham dominant. Shunga qaramasdan, banklar tomonidan valyuta ayirboshlashga moslashtirilgan bankomatlar faqatgina dollar va so‘m bilan “muomala” qiladi xolos. Qolgan valyutalar esa yo bank, yoki “valyutchiklar” qo‘li ostida.

Bankomatlar to‘g‘ri joyda joylashmagan

Ikkinchi ko‘zga ko‘rinadigan sababi esa chegara postlari hamda aeroport hududlarida bankomat yoki banklarning bo‘lmasligi. Siz qaysi davlat chegarasidan o‘tishingizga qarab, ushbu chegara posti hududida pul almashish uchun faqatgina qora bozor hamda uch xil valyutani ayirboshlash imkoni bor xolos. Birinchisi o‘tgan davlatingiz pul birligi bo‘lsa, qolgan ikkisi rubl hamda dollar.

Chegaradan o‘tib, qora bozor orqali valyuta ayirboshlagan odamdan nega qora bozordan foydalangani so‘ralsa, asosan, “qani bankomat, qani bank?”, “Bankkacha qaysi pulim bilan yetib olaman” degan javob keladi. Agar, valyuta oldi-sotdisi muhim bo‘lgan hududlarda bunga qonunan sharoit bo‘lmasa, qora bozor hech qachon yo‘qolmaydi.

Nima uchun aholida qora bozorga talab yuqori?

Bunga asosiy sabablardan biri, yuqorida ta’kidlanganidek banklar hamda bankomatlar hududlarda kamligi. To‘g‘ri, Toshkent shahrida bankomatlar bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi. Lekin, respublikaning barcha hududlarida valyuta ayriboshlashga moslashgan bankomatlar deyarli yo‘q, bor bankomatlarning barchasi kartadan pul yechishga moslashtirilgan. Unda ham ichida puli yo‘q. Pensiya, oyliklar tushgan sanada bankomatlardagi navbatlarni-ku gapirmasa ham bo‘ladi. “Poytaxt, poytaxt” deyiladi-yu, lekin Toshkentning deyarli 90 foiz bankomatlari ham karta orqali pul yechishga moslashgan.

Texnologiyadan foydalanish madaniyati rivojlanmagan

Respublikani chekkaroq hududlarini olaylik, u yerlarda ham albatta valyuta ayirboshlashga talab bor. Lekin u yerlarda bankomat tugul, bankka borish uchun ham qanchadir masofaga borib kelish kerak. Bankdagi navbatlar esa yetarlicha vaqtni oladi. Xo‘p, bankomatlar qo‘yildi degan taqdirda ham bu bir qancha muammoli bo‘ladi. Sababi bu kulgili tuyilmasin, hali ham bizdagi tub aholi texnikadan foydalanishga qiynaladi. Bu ham o‘ziga yarasha sababdir.

Banklardagi ovoragarchiliklar – qora bozor ustunligi

Aholi qora bozorni tanlashiga yana bir sabab, bu banklardagi ayrim muammolar. Bankda valyuta ayirboshlash uchun odamlar qanchadir muddat navbat kutishiga to‘g‘ri keladi. Odamlarning besabrligi hisobga olinsa, bu qora bozor uchun birinchi ustunlik.

Keyingi masala banklardagi valyutalar bilan muammolar. Ko‘pincha, aholi bankka murojaat qilganida yoki bankda chet valyutasi qolmaydi, yoki o‘zbek so‘mi. Pulga zarurati tug‘ilgan odamlar esa yana qora bozorga murojaat qiladi.

Xizmat uchun to‘lovlar – bu ham muammomi?

Shuningdek, banklarda valyuta sotish va sotib olish narxlari bir biridan farq qiladi. Sotish arzon bo‘lsa, sotib olish bir muncha farq bilan qimmatroq. Qora bozorda esa oldi-sotdi narxlari bir-biriga parallel yuradi. Shu o‘rinda, bank orqali valyuta alishtirgan odam, xizmat uchun qanchadir foiz qo‘shimcha haq to‘laydi. Qora bozor esa bundan mustasno. Qo‘shimcha xizmat haqi to‘lash ham aholiga malol kelishi turgan gap.

Qora bozorning “qora” tomonlari

Aholiga qora bozor yaratgan qulaylik o‘zining ayblarini yashirishga yordam beradi. Ya’ni, osongina pul ayirboshlab yurgan odam, bundan kelib chiqadigan muammolar haqida qayg‘urmaydi. O‘z nomi bilan u “qora bozor”. Uning faoliyatini hech kim nazorat qilmaydi. Bu esa o‘z navbatida bir qancha muammolarga sabab bo‘ladi.

Ya’ni qora bozordagi valyutalar chetdan noqonuniy ravishda kirib kelgan bo‘lishi mumkin. Buning ortidan noqonuniy valyutani olgan shaxs uni qonuniy biror bir ishga sarflasa, pullar kodlari orqali tasdiq topmaydi. Bu esa qora bozordan foydalangan shaxsning javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.

Soxta pullar ham shu misol qatorida.

O‘zbekiston qonunchiligi

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 177-moddasi aynan valyutalar muomalasiga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra, fuqarolarning qonunga xilof ravishda valyuta qimmatliklarini olishi yoki o‘tkazishi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.