$
 12009.29
-4.23
 13699.00
49.24
 154.74
-5.21
weather
+26
Кечаси   +14°

1-iyuldan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

kalendar

1-iyuldan O‘zbekiston qonunchiligida bir qator o‘zgarishlar kuchga kiradi. 

Aholi xonadonlarida sun’iy urug‘lantirish orqali tug‘ilgan nasldor buzoqlar uchun subsidiya beriladi

12-may kuni qabul qilingan prezident qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan 2030-yilgacha aholi xonadonlarida sun’iy urug‘lantirish orqali tug‘ilgan har bir nasldor buzoq uchun 500 ming so‘m subsidiya beriladi. Embrion transplantatsiyasi orqali olingan buzoqlar uchun subsidiya miqdori 700 ming so‘mni tashkil etadi.

Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarga himoya orderi beriladi

2026-yil 1-iyuldan davlat organlari va tashkilotlarida 2030-yilgacha bosqichma-bosqich korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etiladi. “Raqamli komplayens” axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi.

Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.

Pensiya va nafaqalar 7 foizga oshiriladi

23-iyun kuni qabul qilingan prezident farmoniga ko‘ra:

  • yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 983 000 so‘m;
  • nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori — oyiga 1 083 000 so‘m;
  • Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
  • 3 yoshgacha bo‘lgan 1 ta kichik farzandi uchun — 386 000 so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 1 ta farzandi uchun — 295 000 so‘m;
  • oilaning 2-farzandi uchun qo‘shimcha — 177 000 so‘m;
  • oilaning 3- va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha — 118 000 so‘m;
  • Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori — 450 000 so‘m etib belgilandi.

O‘zbekistonda biznes uchun yagona QR kod majburiy bo‘ladi

O‘zbekistonda istalgan bank yoki to‘lov servisi orqali to‘lovlarni qabul qilish imkonini beruvchi UzQR tizimi ish boshladi. 1-iyuldan bunday QR kod majburiy bo‘ladi.

Mudofaa organlari xodimlarining ish haqi oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning harbiy xizmatchilar va mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qaroriga ko‘ra: Mudofaa organlari fuqaro xodimlarining ish haqi 1-iyuldan 20 foizga, 2027-yil 1-yanvardan yana 50 foizga oshirilishi belgilandi.

O‘zbekistondagi teatrlarga har bir sotgan chiptasi uchun 20 ming so‘mgacha subsidiya beriladi

2026-yil 1-iyuldan boshlab Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda (Nukus shahri va viloyatlar markazlari bundan mustasno) konsert-tomosha tadbiri tashkil etilgan va bir tadbir doirasida 1000 tadan ortiq bilet sotilgan taqdirda, konsert-tomosha tashkilotchilariga sotilgan biletlar qiymatining 20 foiziga teng bo‘lgan miqdorda subsidiya beriladi.

Shuningdek, davlat va nodavlat teatrlarga o‘zi faoliyat yuritayotgan joyda sahnalashtirilgan spektakl uchun sotilgan har bir chiptaga qo‘shimcha 10 ming so‘m, boshqa hududga chiqqan holda namoyish etilgan taqdirda, 20 ming so‘m miqdorida subsidiya beriladi.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda xarid cheklari orqali avtomobil yutib olish mumkin bo‘ladi

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmdagi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida yutuqli o‘yinlar o‘tkaziladi. Har bir yutuqli o‘yin g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomashina taqdim etiladi. Qarorda avtomobil rusumi haqida ma’lumot yo‘q.

Xususiy klinikalarga byudjet hisobidan xizmat ko‘rsatishga ruxsat beriladi

Nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida va litsenziyasida nazarda tutilgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha bemorlarga davlat byudjeti hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bunda davolash xarajatlari davlat va xususiy klinikalar uchun yagona bazaviy narxlar asosida qoplab beriladi.

Elektron tijorat uchun bond omborlari tizimi ishga tushiriladi

1-iyuldan ikki yillik eksperiment tarzida elektron tijorat uchun bond omborlari tizimi ishga tushiriladi. 

Yangi tizimga ko‘ra, kompaniya avval tovarni O‘zbekistonga olib kiradi, ammo uni darhol bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazmaydi. Tovar “erkin ombor” rejimida bond omborga joylashtiriladi va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) reyestriga kiritilgan maxsus marketpleys orqali sotuvga chiqariladi. Bunday tovarlarni faqat jismoniy shaxslar va shaxsiy foydalanish uchun sotib olishi mumkin.

“Kvartplata”dan qarzdorlar uchun elektrga to‘lov qilish cheklanadi

1-iyuldan boshlab turar joy mulkdori ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘iga majburiy to‘lovlarni (kvartplata) oyning 15-sanasiga qadar amalga oshirmasa, uning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilish qarzdorlik to‘liq qoplangunga qadar to‘xtatib qo‘yiladi. 

Bundan tashqari, mulkdor tomonidan majburiy to‘lovlar kechiktirilgan har bir kun uchun to‘lov summasidan penya (jarima) hisoblanadi:

  • Yuridik shaxslar uchun — 0,4%;
  • Jismoniy shaxslar uchun — 0,1%.

Ushbu sanadan boshlab majburiy to‘lovlar faqat bank kartalari, elektron to‘lov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshiriladi.

Toshkentda uylar “Mening uyim” tizimi orqali boshqariladi

Toshkentda 1-iyuldan boshlab ko‘p kvartirali uylardagi umumiy yig‘ilishlarni tashkil etish, o‘tkazish va qarorlar qabul qilish, shartnomalar tuzish, boshqaruvchilar hisobotini taqdim etish, murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish faqatgina “Mening uyim” tizimi orqali amalga oshiriladi. 2027-yildan boshlab ushbu tartib mamlakatning barcha hududlarida joriy etiladi.

Mehnatga layoqatsizlik nafaqasi avtomatik tayinlanadi

O‘zbekistonda 1-yanvardan davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi doirasida 2026-yil 1-iyuldan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi proaktiv shaklda tayinlanadi va to‘lanadi.

Bepul rejali statsionar tibbiy yordam joriy etiladi

1-iyuldan O‘zbekistonda tibbiy sug‘urta doirasida bepul rejali statsionar tibbiy yordam joriy etiladi. Farmonga ko‘ra, quyidagilar rejali statsionar tibbiy yordamni bepul olish huquqiga ega bo‘ladi. 

jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilar;

Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to‘lagan shaxslar;

voyaga yetmaganlar, ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan yoki “Kambag‘al oilalar reyestri” axborot moduli orqali kambag‘al oila deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolari.

Toshkentda dafn etish ishlari elektronlashtiriladi

2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha Toshkent shahrida eksperiment tariqasida dafn etish ishlarini amalga oshirishda qabriston nazoratchisi tomonidan vafot etgan shaxslarni dafn etishga ruxsat berish faqat elektron modul yoki uning mobil ilovasidan foydalangan holda amalga oshiriladi va ro‘yxatdan o‘tkazishni qog‘oz shaklida yuritish tartibi bekor qilinadi.

Dachalarni ijaraga berish Soliq mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi

Aholi tomonidan dala hovlilarini ijaraga berish Soliq mobil ilovasi orqali “men bilan birga” shaklida bir nafar shaxs nomiga birga dam oluvchilar sonini ko‘rsatgan holda soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.

Oshxona va restoranlarda yog‘-moy tutgich uskunalari o‘rnatiladi

Umumiy ovqatlanish korxonalarida har oyda kamida bir marotaba yog‘-moy tutgich uskunalarining texnik xususiyatlaridan kelib chiqib, ularni chiqindi yog‘-moylardan tozalash, ushbu chiqindi yog‘-moylarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish ta’minlanadi.

Liftlarga holatiga qarab rangli stikerlar yopishtiriladi

Liftlarga texnik ko‘rik natijalarini aks ettiruvchi maxsus rangli yorliq yopishtirish majburiy bo‘ladi. Qarorga ko‘ra, ularda dastlabki yoki davriy texnik ko‘rikdan o‘tgandan so‘ng liftning holati haqidagi ma’lumotlar bo‘ladi:

  • foydalanishga yaroqli liftga “yashil”;
  • qisman nosoz liftga “moviy”;
  • nosoz liftga “sariq”;
  • foydalanish uchun xavfli liftga “qizil”.
Теги :
Jamiyat