$
 12013.52
-10.88
 13649.76
6.88
 159.95
-0.46
weather
+26
Кечаси   +14°

Haydovchilar uchun muhim o‘zgarish: Endi sug‘urta pulini olish uchun yugurishga hojat yo‘q

sug

Yo‘l-transport hodisasiga uchragan haydovchilar uchun muhim o‘zgarish kuchga kirdi. Endi ayrim hollarda sug‘urta tovonini olish uchun aybdor haydovchining sug‘urta kompaniyasiga bevosita murojaat qilish mumkin bo‘ladi. Bu 23-iyundan kuchga kirgan yangi qonunda belgilandi. Qonun faqat shu bilan cheklanmaydi. Sug‘urta polisidan tortib kompaniyalar faoliyati va elektron savdogacha bo‘lgan qator yo‘nalishlarda yangi tartiblar joriy etildi.

Xo‘sh, endi oddiy fuqarolar uchun nimalar o‘zgaradi?

Endi sug‘urta pulini olish osonroq bo‘ladi

Yangi qonunga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda haydovchi o‘z xohishiga qarab aybdor tomonning sug‘urta kompaniyasiga murojaat qilib, sug‘urta tovonini talab qilishi mumkin. Avvallari buning uchun sug‘urta hodisasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal etish bo‘yicha alohida ariza rasmiylashtirilardi. Endi esa buning o‘rniga sug‘urta tovonini to‘lash haqidagi oddiy ariza bilan murojaat qilish kifoya. Bu o‘zgarish hujjatlar sonini kamaytirib, jarayonni tezlashtiradi va haydovchilarga ortiqcha ovora bo‘lmasdan sug‘urta pulini olish imkonini beradi.

Qog‘oz sug‘urta polisi bekor qilindi

Shuningdek, endi sug‘urta polisini qog‘ozda rasmiylashtirish talabi bekor qilindi. Polis elektron shaklda yuritiladi va shu ham rasmiy hujjat hisoblanadi.

Qonunda avtomobildan cheklanmagan tarzda foydalanish bo‘yicha ham aniqlik kiritildi. Agar majburiy sug‘urta polisida avtomobil egasi, umumiy mulkdori yoki uning yaqin qarindoshlari alohida ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham, ularning fuqarolik javobgarligi sug‘urtalangan deb hisoblanadi.

Sug‘urta kompaniyalari ustidan nazorat kuchaytirildi

Yangi qonun bilan sug‘urta bozori ustidan nazorat ham kuchaytirildi. Vakolatli davlat organining vakolatlari kengaytirildi, sug‘urta siriga oid ma’lumotlardan foydalanish tartibi belgilandi va sug‘urta bozorining boshqa professional ishtirokchilari faoliyatini tartibga solish bo‘yicha yangi normalar joriy etildi.

Shuningdek, sug‘urta kompaniyasi belgilangan moliyaviy me’yorlarga javob bermasa yoki foyda taqsimlangandan keyin to‘lovga qobiliyatsizlik xavfi yuzaga kelsa, foydani taqsimlash taqiqlanadi. Bu sug‘urta kompaniyalarining mablag‘larini asossiz chiqarib yuborishning oldini olishga qaratilgan.

Bundan tashqari, endi sug‘urta kompaniyalari mijozlarga xizmatning narxi, shartlari, sug‘urta to‘lovi miqdori, afzalliklari va mumkin bo‘lgan kamchiliklari haqida to‘liq ma’lumot berishi shart.

Elektron savdo va majburiy sug‘urtada ham yangi tartiblar joriy etildi

Qonun elektron tijorat sohasiga ham taalluqli. Endilikda elektron savdo platformalari faoliyatini boshlaganda yoki tugatganda bu haqda vakolatli davlat organini xabardor qilishi kerak bo‘ladi. Shu orqali ular soddalashtirilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Yana bir muhim o‘zgarish davlat tomonidan hayoti va sog‘lig‘i majburiy sug‘urtalanadigan shaxslarga tegishli. Endi bunday shaxslarni bir vaqtning o‘zida davlat byudjeti hisobidan ish beruvchining fuqarolik javobgarligi bo‘yicha majburiy sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Теги :
Jamiyat