$
 12029.20
-43.76
 14065.74
-111.54
 160.26
-0.91
weather
+26
Кечаси   +14°

1-maydan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

kalendar

1-maydan O‘zbekiston qonunchiligida bir qator o‘zgarishlar va boshqa yangiliklar kuchga kiradi. 

Alimentdan qarzdorlarga cheklovlar

30-mart kuni qabul qilingan prezident farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-maydan aliment to‘lovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguniga qadar alohida yirik bitimlarni amalga oshirish, ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishni cheklash tartibi joriy etiladi.

Onlayn murojaatlar muddati nazorat qilinadi

1-aprel kuni qabul qilingan prezident farmoniga muvofiq, 1-maydan prezidentning virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha muddat nazorati joriy etiladi. Ko‘rib chiqilishi belgilangan muddatdan o‘tgan murojaatlar avtomatik ravishda yuqori turuvchi davlat organiga ijro uchun o‘tkaziladi.

Virtual qabulxonada murojaatlarni qabul qilishda ularni “shoshilinch”, “odatiy”, “maslahat talab qiluvchi” toifalarga ajratish amaliyoti joriy etiladi. Nazoratga qaytarilgan murojaatlar uch ish kuni ichida yuqori turuvchi organlar tomonidan qayta o‘rganib chiqiladi.

“Avtomobilsiz hafta” aksiyasi o‘tkaziladi

25-mart kuni qabul qilingan prezident farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-maydan har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun”, “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib boriladi.

Bunda:

mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi;

ushbu sanalar ish kunlariga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.

“10 ming qadam piyoda” tajribasi qayta tiklanadi

1-maydan boshlab “10 ming qadam piyoda” tajribasini qayta tiklanadi hamda “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi (1hls.uz) faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda 25-mart kuni imzolangan ““Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilangan.

“Sog‘lom turmush tarzi” platformasi uchun har yili Maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 10 milliard so‘m ajratiladi.

Davlat organlarida qog‘ozdan foydalanish kamaytiriladi

18-mart kuni qabul qilingan Hukumat qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda davlat organlarida qog‘ozdan foydalanishni qisqartirish choralari kuchaytiriladi.

1-maydan boshlab respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida kelgusi 5 yilda xarajatlar smetasini tuzish jarayonida qog‘oz, siyoh, printer va nusxa ko‘chirish uskunalarini xarid qilish xarajatlari miqdori har yili 15 foizga kamaytirilgan holda rejalashtiriladi.

Shuningdek, har oyda bir marta “Qog‘ozsiz bir kun” ekoaksiyasi o‘tkazilishi ham belgilangan.

Umraga borish uchun yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ladi

Vazirlar Mahkamasining 24-yanvardagi qaroriga muvofiq, 1-maydan Umra tadbiriga borish uchun yagona portalda ro‘yxatdan o‘tish shart bo‘ladi.

Qarorga muvofiq, O‘zbekistonda “Haj va Umra yagona portali” ishga tushirildi. Endilikda muqaddas ziyoratga borish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun ushbu portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy etib belgilandi. Yangi tartib 2026-yil 1-fevraldan Haj tadbiriga boruvchilar uchun kuchga kirgan.

Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi ishga tushiriladi

1-maydan Stent for Life va Action Plan for Stroke xalqaro dasturlari asosida ishlab chiqilgan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi ishga tushiriladi. 30 yoshdan oshgan aholi o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni erta aniqlash maqsadida har yili tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu haqda 20-yanvardagi prezident qarorida so‘z boradi.

Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon tomir kasalliklari markazlarida tunu kun faoliyat yurituvchi infarkt va insult brigadalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Dastur may oyidan Toshkent shahri va Samarqand viloyatida ish boshlaydi.

“Aqlli” migratsiya shoxobchalari ishga tushiriladi

1-maydan boshlab O‘zbekistonning to‘rtta hududidagi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida tajriba tariqasida sun’iy intellekt texnologiyalari asosida va o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan “aqlli” migratsiya shoxobchalari (Smart migration station) ishga tushiriladi. Bu prezidentning 19-yanvardagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Bunday shoxobchalar eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 tadan tuman (shahar) migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarida bo‘lishi kerak. Tajriba yakunlariga ko‘ra, kelgusi yilda ularni boshqa hududlarda, shuningdek, savdo-ko‘ngilochar markazlari va turistik zonalarda ham ochish rejalashtirilgan.

Ularda ID karta rasmiylashtirish, yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish va “zagran” pasport uchun ariza topshirish kabilar mumkin bo‘ladi.

“Yosh ekolog” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi

25-martda qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, 1-maydan boshlab quyidagi darajalarda “Yosh ekolog” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi:

maktab o‘quvchilari o‘rtasida III darajali “Yosh ekolog”;

texnikum o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida II darajali “Yosh ekolog”;

xalqaro va mahalliy miqyosda yuqori natijalarga erishgan yoshlar o‘rtasida I darajali “Yosh ekolog”.

Ayrim korxonalar uchun foyda solig‘i 50% ga pasaytiriladi

Qonunchilikka ko‘ra, yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalari reyestriga kiritilgan hamda patentsiz ilmiy tadqiqot natijasida yaratilgan ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalar 2026-yil 1-maydan 2029-yil 1-maygacha foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkasidan 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘laydi.

Toshkent va Xiva o‘rtasida Hyundai Rotem tezyurar poyezdi qatnay boshlaydi

Toshkent — Xiva yo‘nalishidagi Hyundai Rotem tezyurar poyezdini 1-maydan boshlab ishga tushirish reja qilinmoqda.

Birinchi tarkib allaqachon mamlakatga olib kelingan, yil davomida yana beshtasi keltiriladi, deya ma’lum qildi transport vaziri Ilhom Mahkamov. Istiqbolda yo‘nalishni Nukusgacha uzaytirish ko‘zlangan.

Yoshlarni harbiy qismlarda kasbga o‘qitish xarajatlari qoplab beriladi

2026-yil 1-maydan muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan hamda xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarni, shuningdek, askarlarni harbiy qismlarda kasbga o‘qitish xarajatlarini Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, 1-maydan boshlab askarlarni kasbga o‘qitishga jalb etilgan pedagoglarga mashg‘ulotlarni o‘tkazganlik uchun soatbay asosida ish haqi to‘lanadi.

Теги :
Jamiyat