$
 12884.62
-15.29
 13495.35
-12.15
 148.85
2.11
weather
+26
Кечаси   +14°
uzbuild

1-martdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

mart

1-martdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tamiz.

Skuter boshqarish uchun “prava” talab etiladi

Bu tartib 2025-yil 1-martdan joriy qilinadi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-iyulda qabul qilingan “Foydalanishda bo‘lgan moped va skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida belgilab qo‘yilgan.

Hujjatda keltirilishicha, 2025-yil 1-martdan boshlab moped va skuterlarni boshqarish uchun tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish talab qilinadi.

Qaror bilan foydalanishda bo‘lgan moped va skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom ham tasdiqlangan. Vaqtinchalik nizom foydalanishda bo‘lgan dvigatelining ish hajmi 25 sm. kub va undan ortiq, lekin 50 sm. kubdan oshmaydigan, shuningdek, elektr dvigatelining quvvati 0,25 kilovatt va undan ortiq, lekin 4 kilovattdan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometr va undan ortiq, lekin 50 kilometrdan oshmaydigan transport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning vaqtinchalik tartibini belgilaydi.

Vaqtinchalik nizom 2025-yil 28-fevralga qadar amal qilishi belgilangan.

“Yashil to‘lov” platformalari ishga tushadi

Vazirlar Mahkamasi tegishli qarori bilan 2025-yil 1-martdan jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy xayriya ajratmalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha “Yashil olam” va “Yashil to‘lov” platformalari joriy etiladi.

Hujjat bilan Ekologiya vazirligi huzuridagi Yashil xayriya jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom va uning boshqaruv kengashi tarkibi tasdiqlangan.

Xayriyalar Ekologiya vazirligi huzuridagi Yashil xayriya jamg‘armasining maxsus hisobraqamiga yo‘naltiriladi va daraxt hamda butalarni ekishni tashkil etish uchun foydalaniladi.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi:

  • daraxt va butalar ekish uchun ajratilgan yer uchastkalarini tayyorlash;
  • daraxt va butalar ekish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;
  • daraxt va butalar ekilgan uchastkalarda sug‘orish tizimlarini o‘rnatish;
  • daraxt, buta va qalamchalarni xarid qilish;
  •  hududni obodonlashtirish, dendrariylar, yashil bog‘lar”, yashil jamoat bog‘lari”, yashil qalqon” va yashil kamar” barpo etish ishlari;
  • ekilgan ko‘chatlarni uch yil davomida saqlash ishlari;
  • yirik o‘lchamli daraxt va butalarni yetishtirish hamda yetkazib berish.

Yashil xayriya jamg‘armasiga kelib tushadigan mablag‘lardan jamiyat oldida shaffoflik va hisobdorlik tamoyillari asosida foydalaniladi.

Tuman va shaharlar hokimliklariga qo‘shimcha vakolatlar beriladi

2024-yil 20-dekabrda prezidentning “Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan.

Hujjat bilan hokimliklarga quyidagi vakolatlar berilmoqda:

  • 2025-yil 1-martdan hududi 10 ming metr kvadratdan, baholangan qiymati 5 ming BHMdan oshmagan hamda 6 oy davomida sotilmagan mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli ko‘chmas mulk obyektlarini 2 yil ichida yangi loyihani ishga tushirish va ish o‘rinlari yaratish sharti bilan:
  • tadbirkorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri 10 yil muddatga ijaraga berish hamda davlat mulki uchun 4 yil davomida uzluksiz ijara to‘lovlarini amalga oshirgan va ijara shartnomasi shartlarini bajargan tadbirkorga xususiylashtirish yoki baholangan qiymatda to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish;
  • xalqaro tan olingan xorijiy til va malaka sertifikatlarini olishga o‘qitadigan mahalliy hamda xorijiy mutaxassislar yoki tashkilotlarga dastlabki birinchi yili ijara to‘lovi undirmasdan 5 yil muddatga keyinchalik uning muddatini uzaytirish sharti bilan ijaraga berish.

Farmon bilan tuman (shahar)lar hokimliklariga ayrim yo‘nalishlarda ma’muriy vakolatlar ham berilgan.

Mobil malaka oshirish xizmatlari joriy etiladi

2025-yil 1-martdan boshlab tajriba-sinov tariqasida respublikaning uzoq va chekka hududlarida joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlari joriy etiladi. Bu haqda prezidentning “Maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilab qo‘yilgan.

Mobil malaka oshirish xizmatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi pedagogik mahorat markazlari tomonidan 4 ta auditoriya ko‘rinishidagi avtobuslar negizida tashkil etiladi. Nodavlat va davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglariga mobil malaka oshirish xizmatlari pulli asosda ko‘rsatiladi.

Avtobuslarni jihozlash Bolalarning erta yoshdan rivojlanishiga ko‘maklashish loyihasi doirasida Jahon banki tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi. Avtobuslar haydovchilarining ish haqi, yoqilg‘i-moylash materiallari uchun va boshqa xarajatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi pedagogik mahorat markazlarining pulli xizmatlaridan tushgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish kuchaytiriladi

2025-yil 1-martdan yil yakunigacha Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilariga turar joyni ijaraga olganlik uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lovlari belgilanadi.

Prezidentning ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi:

  • 2025-yil 1-martdan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshiriladi;
  • 2025-yil 1-iyundan qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan ta’minlanadigan, kalendar hisobida 10 yildan ortiq harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga turar joy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joy hisoblangan qiymatining 35 foizi miqdorida belgilanadi.

Prezidentining 2005-yil 30-iyundagi PQ–112-son qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra:

2025-yil 1-martdan yil yakunigacha Qurolli Kuchlarning kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan, amaldagi sarf-xarajatlar doirasida turarjoy bilan ta’minlanmagan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun:

  • Toshkent shahrida – BHMning 4,8 baravarigacha miqdorda;
  • Nukus shahri va viloyatlar markazlarida – BHMning 3,6 baravarigacha miqdorda;
  • boshqa shaharlar, tuman markazlari va aholi punktlarida – BHMning 2,4 baravarigacha miqdorda har oylik pul kompensatsiyasi to‘lovlari belgilandi.

Oila a’zolari 3 kishi va undan ortiq bo‘lgan taqdirda harbiy xizmatchilarning ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi.

Pensiyani avtomatik tarzda tayinlash tizimiga o‘tiladi

Davlat rahbarining tegishli qaroriga ko‘ra, yoshga doir pensiyalarni proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etiladi. Yoshga doir pensiyalarni pensiya yoshiga to‘lishi munosabati bilan alohida murojaat talab etmagan holda tayinlashni nazarda tutuvchi bu tartib 2025 yil 1 martdan kuchga kiradi.


Bunda, yoshga doir pensiyalar Pensiya jamg‘armasining axborot tizimi orqali tegishli vazirlik va idoralararo axborot almashinuvi asosida olinadigan fuqaroning ish staji, ish haqi hamda boshqa ma’lumotlariga asosan hisoblanadi va tayinlanadi.

Fuqarolarga pensiya yoshiga yetib mehnat faoliyatini davom ettirgan holda keyinchalik yoshga doir pensiyaga chiqish istagini bildirganida proaktiv shaklda tayinlangan pensiyani rad qilish huquqi beriladi.

Nogiron bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yiladi

Bu haqda prezidentning “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2025-yil 1-martdan tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida, 2025-yil 1-oktyabrgacha respublikaning qolgan hududlarida 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda nogironligi bo‘lgan bolalar kunduzgi parvarish xizmatiga ularning ota-onalari bilan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari o‘rtasida tuzilgan ijtimoiy shartnoma asosida hamda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan belgilangan tartibda berilgan xulosaga muvofiq qabul qilinadi.

2025-yil 1-martdan kunduzgi parvarish xizmatiga oid faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy etiladi:

  • kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanilgan bir kun uchun 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan har bir bolaga bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida va 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan har bir bolaga – 27 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
  • Bunda viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari uchun subsidiya miqdori 1,1 ko‘paytiruvchi koeffitsiyentni qo‘llash orqali aniqlanadi;
  • Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning nogironligi bo‘lgan har bir bolasi uchun yuqorida belgilangan subsidiya umumiy miqdorining 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ to‘lab beriladi.

Ekologik stiker berish boshlanadi

2025-yil 1-martdan ekologik stiker berish boshlanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida qayd etilgan.

Qarorda keltirilishicha, “Ekologik transport” tizimini joriy qilish 1 martdan boshlab bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Ekologik transport tizimi quyidagilarni nazarda tutadi:

  • hududlarni ulardagi atmosfera havosi bilan bog‘liq real ekologik holatdan kelib chiqib, ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsion texnologiyalar asosida «yashil», «sariq» va «qizil» ranglar bilan belgilanadigan «toza», «o‘rta» va «zararli» ekologik zonalarga ajratib borish;
  • transport vositalarining normativlarga mosligi darajasini avtomatik baholash tizimiga asosan diagnostika tekshiruvi jarayonida aniqlash va natijalari bo‘yicha qalbakilashtirishdan himoyalangan hamda elektron belgiga ega bo‘lgan ekologik stikerlar berish orqali transport vositalarini «yashil», «sariq» va «qizil» ranglar bilan belgilanadigan «toza», «o‘rta» va «zararli» ekologik toifalarga ajratib borish;
  • ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq bo‘lmagan transport vositalariga nisbatan ekologik kompensatsiya to‘lovlarini joriy etish yoxud ulardan tegishli ekologik zonalar hududida foydalanishni cheklash yoki taqiqlash.

2025-yil 1-martdan boshlab respublikaning barcha hududlarida transport vositalarining normativlarga mosligi darajasini aniqlash va natijalari bo‘yicha ekologik stikerlar berish mazkur xizmatlar uchun alohida to‘lov undirilmasdan transport vositalarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatga olish jarayonida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Boshqa o‘zgarishlar

2025-yil 1-martdan boshlab:

  • eksport qilish maqsadida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jismoniy shaxslardan xarid qilgan korxonalar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron shaklda soliq organlari ma’lumotlar bazasida aks ettirilishi soliq solish maqsadlarida kirim hujjatlariga tenglashtiriladi;
  • davlat organlarining rasmiy veb-saytlari faqatgina Yagona platformada yuritiladi. Bunda yangi tashkil etilgan davlat organlari o‘zlarining rasmiy veb-saytlari faoliyatini tashkil etilgan sanadan boshlab bir oy muddatda Yagona platformada yo‘lga qo‘yadi;
  • aholini kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash jarayonlarini raqamli nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
  • amaldagi qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan (subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari va moliyaviy yordamlar) foydalangan holda xarid qilingan, shu jumladan, respublikada ishlab chiqarilgan va import qilingan yangi traktorlar va kombaynlarni ularga GPS qurilmasini o‘rnatmagan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ulardan foydalanish taqiqlanadi;
  • avtomatlashgan kichik stansiyalar ma’lumotlari atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinadi va uzluksiz faoliyat yuritishi ta’minlanadi;
  • musiqa madaniyati fani o‘qituvchilari uchun nazariya va amaliyot uyg‘unlashtirilgan holda malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda malaka oshirish ta’lim dasturining nazariy qismi A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar pedagogik mahorat markazlarida, amaliy (ijodiy) qismi bolalar musiqa va san’at maktablarida tashkil etiladi va markazlarga ishga qabul qilinadigan musiqa madaniyati fani o‘qituvchilari mehnatiga soatbay asosda ish haqi to‘lanadi;
  • Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz ona (ota)ga ijtimoiy shartnoma asosida bir nafar farzandi uchun bola(lar) uch yoshga to‘lguniga qadar maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanish uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan BHMning bir yarim baravarigacha miqdorida moddiy yordam beriladi. Bunda agar bolalar egizak bo‘lsa, moddiy yordam egizaklarning har biri uchun beriladi;
  • mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarda mehnat huquqlari va mehnat muhofazasi ta’minlanganlik holati onlayn reyting asosida baholanadi;
  • O‘zbekistonga olib kiriladigan palma moyiga hamda tarkibida palma moyi va yog‘ kislotalarining trans izomerlari mavjud bo‘lgan mahsulotlarga, shu jumladan, sut va sutni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarga sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirishda mavjud akkreditatsiyalangan sinov laboratoriyalarida o‘rnatilgan tartibda palma moyi va uning fraksiyalari amaldagi texnik reglament va standartlar talablariga asosan majburiy sinovdan o‘tkazilishi ta’minlanadi.
Теги :
Jamiyat