$
 12057.32
-21.15
 14192.67
-41.81
 155.16
-0.07
weather
+26
Кечаси   +14°

1-yanvardan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

1 yanvar

2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan o‘zgarishlarni eslatib o‘tamiz.

Eskrou tizimi joriy etiladi

Prezidentning tegishli farmoni bilan qurilishda moliyaviy intizomni kuchaytirishi va mijozlar uchun xavfsiz muhit yaratishi maqsadida eskrou tizimi joriy etilgan. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan e’tiboran barcha quruvchilar ulush kiritish asosidagi loyihalarini eskrou tizimi orqali amalga oshirishi majburiy bo‘ladi.

Eskrou tizimi qanday ishlaydi? Mijozlar hali bitmagan uy uchun pulni quruvchiga to‘lamasdan, bankdagi eskrou hisobraqamiga qo‘yadi va bu pullar toki uy bitmaguncha quruvchining qo‘liga berilmaydi. Bunda banklar eskrou hisobvarag‘ida ulushdorlarning pullari turgani sababli quruvchiga arzonroq stavkada kredit beradi.

Ekologik transport

2026-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahrida «Ekologik transport» tizimi birinchi bosqichda joriy etiladi. Bu haqda hukumatning tegishli qarorida keltirib o‘tilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab respublikada ishlab chiqarilayotgan avtotransport vositalarining texnik hujjatlarida ularning ekologik sinfi ko‘rsatiladi. Bunda sotuvga chiqarilayotgan avtotransport vositalari elektron hisob-ma’lumotnomalarida ularning ekologik sinflari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettiriladi. «Ekologik transport» tizimga oid qoidalar buzilganda jarimalar qo‘llash 2 yildan so‘ng boshlanadi.

Tibbiyot xodimlariga imtiyoz

2025-yil 9-noyabrda davlat rahbarining “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga qator imtiyozlar berilmoqda.

Qarorga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalarida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan:

tuman (shahar) darajasida yangi davolash usullarini joriy qilgan va uning ijobiy samarasiga erishgan tuman (shahar) tibbiyot muassasalari shifokorlariga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi;

davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga respublika hududidagi oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha yillik kontrakt summasining 30 foizi miqdoridagi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmaydigan qismi qoplab beriladi;

tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasida indekslanuvchi va yuqori impakt-faktorli jurnallarda maqolalarni chop etish bilan bog‘liq xarajatlari to‘liq qoplab beriladi;

har yili davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining 25 foizi qoplab beriladi;

yil boshidan milliy akkreditatsiyadan o‘tgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga lavozim maoshining 10 foizi miqdorida oylik ustama ham to‘lanadi.

Moped va skuter haydovchilaridan “prava” so‘raladi

2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda moped va skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shart bo‘ladi va ularni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etiladi. Bu haqda hukumatning 2025-yil 25-oktyabrdagi qarorida keltirilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab moped va skuterlarni, shuningdek, eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan oshmaydigan, ish hajmi 25 sm3.gacha bo‘lgan ichki yonuv dvigateliga ega yoki nominal quvvati 0,25 kilovattgacha bo‘lgan kichik hajmdagi mototransport vositalarini boshqarish uchun «A1» haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi. Individual harakatlanish vositalari bundan mustasno.

Ehsonlar naqd pulda yigʻilmaydi

2026-yil 1-yanvardan 1-iyulga qadar eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Uchtepa va Mirobod tumanlarida qabriston hududidagi plombalangan turg‘un metall qutilarda xayr-ehsonlarni yig‘ishni naqd pul ko‘rinishida amalga oshirish tartibi bekor qilinadi. Turg‘un metall qutilarga o‘rnatilgan QR-kod tasviri vositasida bank plastik kartalari orqali naqd pulsiz onlayn shaklda ixtiyoriy xayr-ehsonlarni amalga oshirish joriy etiladi. 

Bepul tibbiy yordam

Kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan 18 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan (21 yosh ham kiradi) bemorlar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy kuzatuvda bo‘ladi va davolanish ishlari davom ettiriladi.

Yoshlar uchun tanlov 

Yoshlarning sun’iy intellekt texnologiyalariga qiziqishini yanada oshirish va rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun «Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap» (President AI Award) tanlovi o‘tkaziladi.

Maktab direktorlariga ustama

Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan direktor va uning o‘rinbosarlariga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) natijasiga ko‘ra bazaviy tarif stavkalariga nisbatan tegishlicha 20 va 10 foiz miqdorida har oylik ustamalar belgilanadi;

Теги :
Jamiyat