Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 87 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +17° kechasi +10°

Yana qizamiq: Holat pandemiya darajasiga yetadimi?

JSST dunyo mamlakatlarining yarmidan ko‘pida qizamiq epidemiyasi kuzatilishidan havotirda.

2 daqiqa o‘qiladi

Yana qizamiq: Holat pandemiya darajasiga yetadimi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, agar shoshilinch choralar ko‘rilmasa, 2024-yil oxiriga kelib, dunyo mamlakatlarining yarmidan ko‘pida qizamiq epidemiyasi tarqalish xavfi juda yuqori ekanligidan ogohlantirdi. 

Ikki mintaqa hozircha kasallikdan forig‘

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu kasallik hozirgacha Shimoliy va Janubiy Amerika qit’alaridan boshqa barcha mintaqalarda qayd etilgan.

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, epidemiologik vaziyat yomonlashuvi koronavirus pandemiyasi davrida qizamiqqa qarshi emlash tadbirlari yetarli darajada tashkil etilmagani oqibatidir. 

33 million bola vaksinasiz qolmoqda

Xususan, 2022-yili dunyo bo‘yicha emlash qamrovi 2021-yilga nisbatan biroz oshgan bo‘lsa-da, shunda ham 33 million bola mazkur xastalikka qarshi vaksinalar dozalari bilan qamrab olinmadi. 22 million nafarga yaqin o‘g‘il-qiz ularning birinchi dozasini, 11 million nafari ikkinchi dozasini qabul qilishdan chetda qolgan.

2024-yilgi emlash talab darajasida emas

JSST vakili Natasha Kroukroftning ta’kidlashicha, 2024-yilgi emlash dasturlarida ham katta bo‘shliqlar bor. Agar holat shunday davom etsa, millionlab bolalar bundan jabr ko‘rishi mumkin. 

“Bugun sayyoramiz bo‘yicha qizamiqning o‘sish dinamikasi kuzatilyapti. Ayniqsa, o‘rta daromadli mamlakatlarda ahvol qoniqarli emas. Biz 2019-yilgi holat takrorlanishidan xavotirdamiz", – deydi u.

2019-yilgi vaziyat

Ma’lumot uchun, 2019-yili Yer yuzida qizamiq bilan kasallanish darajasi keskin oshib, so‘nggi 23 yildagi rekord ko‘rsatkichga yetgandi (869 mingta holat). Eng yomoni, o‘sha yili bu xastalikdan o‘lim statistikasi ham 2016 yilga nisbatan deyarli 50 foizga ko‘paydi (207 ming holat).