Firibgarlik va pora berishda ayblangan qozog‘istonlik sobiq amaldor O‘zbekistondan topilgani aytilmoqda
Xalqaro qidiruvda bo‘lgan Qozog‘istonning Aqtau shahri sobiq hokim o‘rinbosari Timur Sadvakasov O‘zbekistonda qo‘lga olindi. Bu haqda qozog‘istonlik jurnalist Mixail Kozachkov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro qidiruvda bo‘lgan Qozog‘istonning Aqtau shahri sobiq hokim o‘rinbosari Timur Sadvakasov O‘zbekistonda qo‘lga olindi. Bu haqda qozog‘istonlik jurnalist Mixail Kozachkov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Chegara xizmati tomonidan qo‘lga olingan
Unga ko‘ra, sobiq amaldor avval Qozog‘iston—Qirg‘iziston chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan, so‘ng O‘zbekistonga yashirincha kirgan. Bu yerda esa chegara xizmati tomonidan qo‘lga olingan.
Hozircha Qozog‘iston rasmiylari bu ma’lumotni tasdiqlamagan. Vatanida u korrupsiyaga oid jinoyatlarda gumon qilinmoqda. Ayblovlar Shimoliy Qozog‘iston viloyatidagi “Obuxovskoye” nodir yer metallari konini qurayotgan “Tiolayn” MCHJ faoliyati bilan bog‘liq. Tergovga ko‘ra, ushbu korxona aksiyadorlaridan biri – Viktor Dolgalev noqonuniy tadbirkorlik va yer osti boyliklaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish kabi qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkin.
“Haqiqatan ham sud tomonidan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi Timur Xabdullayevich Sadvakosov (06.05.1983 y. t.) qidiruvga berilgan. U firibgarlik va ayniqsa yirik miqdordagi pora berishga undashda gumon qilinmoqda. Ushbu pora jinoiy ish qo‘zg‘atish masalasini ijobiy hal qilish maqsadida mansabdor shaxslarga taklif qilingan”, deyiladi Qozog‘iston Moliya monitoringi agentligi xabarida.
Unga qanday ayb qo‘yilgan
Avvalroq sudyalar hay’ati Dolgalevni oqlagan, biroq keyinchalik sud qarori bekor qilinib, ish boshqa hududda qayta ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirkor muammolarni faqat huquqiy yo‘l bilan hal qilmagan, balki amaldorlarning yordamidan foydalangan, jumladan, Sadvakasov orqali. Sobiq amaldor firibgarlik va pora berishga undashda ayblanmoqda.
Qochishga uringan Sadvakosov endi ikki davlatda ham qamoqqa tushishi mumkin – Qozog‘istonda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun, O‘zbekistonda esa chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun.



