$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Xalqaro grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonova O‘zbekiston terma jamoasiga qaytadi

gulruhbegim

Besh yil davomida AQSh terma jamoasi tarkibida dona surgan xalqaro grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonova endilikda yana O‘zbekiston sharafini himoya qiladi. 

“Pul bilan bog‘liq emas”

Jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida u o‘z qarorini tushuntirdi:

“Bu qarorim pul yoki qandaydir va’dalar bilan bog‘liq emas. Men doimo O‘zbekiston bayrog‘i ostida o‘ynashni xohlaganman, lekin orada shunday davr bo‘ldiki, ketishga majbur bo‘ldim. Agar men federatsiyada o‘zgarishlarni, sportchilarga e’tibor paydo bo‘lganini his qilmaganimda, qaytmas edim”, — dedi u.

Nima uchun u O‘zbekistondan ketgandi?

Gulruhbegim Tohirjonova O‘zbekiston shaxmat federatsiyasidagi muammolar sabab 2021-yilda AQShga ketishga majbur bo‘lgandi. Avvalroq, u videomurojaatda O‘zbekiston federatsiyasi bilan kelishmovchiliklar sabab terma jamoani tark etganini eslatib o‘tdi.

“Federatsiyada o‘zgarish bo‘lmasa, qaytishim qiyin edi. O‘sha vaqtlarda menga va opa-singillarimga O‘zbekiston sharafini himoya qilish imkoniyati berilmadi. Shaxmat federatsiyasi tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ham yo‘q edi”, — dedi shaxmatchi.

O‘zbekiston federatsiyasi uni qaytarishga harakat qilgan

Shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Sa’dullayev ham Gulruhbegimning qaytishi haqida gapirib, “Biz unga ham, ota-onasiga ham O‘zbekistonga qaytish taklifini berganmiz. Gulruhbegim O‘zbekistonga kerak, u salohiyatli va kuchli shaxmatchi. Agar u 2026-yilda Toshkentda bo‘ladigan shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida qatnashsa, bundan faqat xursand bo‘lamiz”, — degan edi. 

AQSh terma jamoasidagi faoliyati

Gulruhbegim Tohirjonova AQSh terma jamoasida o‘ynagan yillari davomida yaxshi natijalar qayd etgan. 2023-yilda u AQShning “Yilning eng yaxshi ayol shaxmatchisi” deb topilgandi. AQSh terma jamoasining 1-raqamli shaxmatchisi bo‘lishiga qaramay, u nega O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi dona surishdan bosh tortgani haqida shunday izohlagan edi:

“Olimpiadalarda O‘zbekistonga qarshi o‘ynashdan bosh tortganim bejiz emas. Mening yuragim har doim Vatanim bilan bo‘lgan. Endi esa rasman O‘zbekiston sharafini himoya qilishga qaytganimdan juda xursandman”.

Теги :
Jamiyat