Farg‘onada aholiga 4 mlrd. 173 mln. so‘mlik noreal qarzdorliklar hisoblangani aniqlandi
Mazkur holat yuzasidan ta’minotchi korxona tomonidan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan qarzdorliklar bekor qilindi.
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada maishiy iste’molchilarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi hamda ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi.
Yetarli darajada issiqlik ta’minoti yetkazib berilmagan
Raqobat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasiga tushgan murojaatlar asosida Farg‘ona viloyati “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish davlat boshqarmasi bilan hamkorlikda tekshiruv olib borildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, isitish mavsumi davomida ko‘p qavatli uylarga issiqlik ta’minotini yetkazib beruvchi markaziy tarmoqlarning isitish qozonxonalarida avariya holatlari (ta’minot uzilishi) sodir bo‘lgan vaqtlarda hamda tabiiy gaz bosimi pastligi va boshqa asosli sabablarga ko‘ra, aholi xonadonlariga yetarli darajada issiqlik ta’minoti yetkazib berilmaganligi aniqlandi.
4 mlrd. 173 mln. so‘mdan ortiq noreal debitor qarzdorliklar
Ta’minotchi korxona bilan tuzilgan shartnomalarning tegishli bandlariga asosan qayta hisob-kitoblar amalga oshirilganda 6 146 nafar iste’molchining xonadonlariga 4 mlrd. 173 mln. so‘mdan ortiq noreal debitor qarzdorliklar hisoblanganligi ham aniqlandi.
Ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish
Qo‘mitaning ta’kidlashicha, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.
Asossiz qarzdorlik bekor qilindi
“Yuqoridagilarga ko‘ra, ishni ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha hududiy boshqarma tomonidan mazkur holat yuzasidan viloyat “Issiqlik Manbai” ishlab chiqarish davlat boshqarmasiga iste’molchilarga hisoblangan 4 mlrd. 173 mln. so‘mdan ortiq asossiz qarzdorlikni bekor qilish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida ta’minotchi korxona tomonidan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan qarzdorliklar bekor qilindi”, – deyiladi xabarda.



