O‘zbekiston tashqi qarzining yillik limiti keskin oshirildi
Parlament deputatlari uchinchi o‘qishda ma’qullagan masalalardan biri davlat qarzining cheklangan hajmini oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan. Tashqi qarz yillik limitining bunday keskin oshirilishi 2020-yildan beri birinchi marta kuzatilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil uchun tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 7,3 mlrd. AQSH dollari, shundan O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun — 3,2 mlrd. AQSH dollari, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun — 4,1 mlrd. AQSH dollari miqdorida belgilangan.
Limit doirasida allaqachon qarzlar olingan
Bunga qadar tasdiqlangan qarz limiti jami 5 mlrd.dollar edi, byudjetga 2,5 mlrd.dollar, investitsiya loyihalariga 2,5 mlrd.dollar. Iqtisodchi Otabek Bakirovning qayd etishicha, hukumat o‘zi yil boshida belgilagan 5 mlrd.dollarlik qarz limitiga sig‘magan va limitni 7,3 mlrd.dollargacha oshirgan. "Bu limit doirasida allaqachon qarzlar olingan, shunchaki yil tugashiga 3 hafta qolganida orqa sana bilan tasdiqlab qo‘yishmoqda", degan u. Tashqi qarz yillik limitining bunday keskin oshirilishi 2020-yildan beri birinchi marta kuzatilmoqda. Qarz limitining oshirilishi tashqi qarz hisobidan moliyalashtirilayotgan loyihalar qiymati oshgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ichki qarz limiti
Ichki qarz limiti 25 trln.so‘mdan 30 trln.so‘mgacha ko‘tarilgan. Iqtisodchiga ko‘ra, yashirin iqtisodiyotni YAIMga qo‘shib ko‘rsatish muddaolaridan biri oqartirishdan ham yanada ko‘proq qarz olishga imkon yaratish bo‘lishi mumkin. "Xususan, 2030-yilda YAIM 150 mlrd.dollar emas, 200 mlrd.dollar ko‘rsatilsa, byudjet qoidasi bo‘yicha bemalol qarz qoldig‘ini 100 mlrd.dollargacha ko‘paytirsa bo‘laveradi" , deya qayd etadi Bakirov.
Avvalroq yangi chaqiriq deputatlari vazirlik va idoralarning 2024-yildagi xarajatlarini 9,98 trln. so‘mga yoki 775,8 mln. dollarga oshirishni ma’qullagani e’lon qilingan edi.



