Sovuq tundagi sirli yo‘lovchi: Moskvada o‘zbek haydovchi 11 oylik chaqaloqni qutqarib qoldi
Qizaloqning ota-onasi unga minnatdorchilik sifatida pul taklif qilgan, biroq o‘zbekistonlik haydovchi mukofotdan voz kechgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva viloyatining Stanovoye qishlog‘i hududida 11 oylik qizaloq ustki kiyimsiz holda yo‘lga emaklab chiqib qoldi. Sovuqdan qaltirayotgan va yig‘layotgan bolani yo‘ldan o‘tayotgan avtomobil haydovchisi qutqarib qoldi.
“Yo‘l ustidagi oq narsani mushuk yoki quyon deb o‘yladim”
REN TV bilan suhbatda erkak hodisa tafsilotlarini aytib berdi va qizaloqning ota-onasi unga minnatdorchilik sifatida pul taklif qilganini, biroq u mukofotdan voz kechganini bildirdi. U bu pullarni chaqaloqning ehtiyojlari uchun sarflash yaxshiroq bo‘lishini ta’kidladi.
“Yo‘lda ketayotgan edim, oq narsa ko‘zimga tashlandi. Avvaliga mushuk yoki quyon deb o‘yladim. Biroq chaqaloqni ko‘raman deb sira kutmagandim,” – dedi qizaloqni qutqargan erkak.
Haydovchi chaqaloqni sovuqdan qutqarib, xavfsiz qo‘llarga topshirdi
Qahramon erkak darhol mashinasini to‘xtatib, chaqaloqqa yordam berish uchun shoshilgan. U qattiq sovuqda qolib ketgan qizaloqni qo‘liga olib, mashinaga otirgizgan. Mashina ichida erkak chaqaloqni adyolga o‘rab, pechkani yoqadi va chaqaloqning qo‘llarini ishqalab, isitishga harakat qiladi. Shundan so‘ng u politsiya va tez yordamga qo‘ng‘iroq qilgan.
Shu paytda uning oldiga bir ayol kelib, o‘zini chaqaloqning buvisi deb tanishtiradi. Biroq haydovchi bolani uning qo‘liga topshirmaydi va politsiya hamda shifokorlar kelishini kutadi.
Keyinroq o‘zini chaqaloqning qarindoshi deb tanishtirgan ayol haqiqatan ham uning buvisi ekani aniqlandi. Bolaning ota-onasi buvisi yaqinda ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanish kursini yakunlaganini ta’kidlagan.
REN TV manbasiga ko‘ra, buvisi kechasi nevarasi ota-onasi uxlab yotgan paytda olib chiqib ketgan.
Haydovchi mulofot pulidan voz kechdi
Shifokorlar yo‘lga chiqib qolgan qizaloqda birinchi darajali sovuq urish holatini qayd etishdi. Hozirda u uyida bo‘lib, ambulator davolanishni davom ettirmoqda.
Qizaloqning ota-onasi uni olib ketishganidan so‘ng, qahramon erkakka pul taklif qilishadi, ammo u mukofotni qabul qilmay, mablag‘ni bolani davolashga sarflashlarini so‘raydi.
Prokuratura hodisa tafsilotlarini o‘rganmoqda
Moskva viloyati Ramenskoye shahar prokuraturasi hodisa tafsilotlarini o‘rganishni o‘z nazoratiga oldi. 6-fevral kuni prokuratura xodimlari qizaloqning hayoti va sog‘lig‘iga hech qanday xavf yo‘qligini ta’kidlashdi.



