$
 12013.52
-10.88
 13649.76
6.88
 159.95
-0.46
weather
+26
Кечаси   +14°

Gulnora Karimovaning Shveysariyadan qaytarilgan 43,5 mln dollari nimalarga sarflanadi?

Gulnora Karimova

O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi Restitutsiya bitimi doirasida “Ishonch” jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirilgan ilk sog‘liqni saqlash dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi. Loyiha doirasida onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini rivojlantirish uchun 43,5 million AQSH dollari yo‘naltirildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Perinatal markazlar rivojlantiriladi

2023-yil sentyabrida boshlangan “Har bir ona va bola yashaydi hamda rivojlanadi: O‘zbekistondagi perinatal markazlarda onalar va bolalar o‘limini qisqartirish” loyihasi UNICEF, UNFPA va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hamkorligida amalga oshirildi.

Loyiha doirasida respublika bo‘ylab 231 ta perinatal muassasa zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi. Xususan, 31 million dollardan ortiq mablag‘ evaziga inkubatorlar, sun’iy nafas oldirish apparatlari, anesteziya tizimlari va boshqa tibbiy uskunalar xarid qilinib, hududlardagi perinatal markazlarga yetkazib berildi.

Shuningdek, 80 mingdan ortiq tibbiyot xodimi zamonaviy perinatal yordam, murakkab homiladorlik holatlarini boshqarish, muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarishlash va laboratoriya diagnostikasi bo‘yicha malaka oshirdi. Bundan tashqari, onalik va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 49 ta klinik protokol ishlab chiqildi yoki yangilandi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, axborot kampaniyalari orqali 20 millionga yaqin fuqaro qamrab olinib, 4 millionga yaqin aholining sifatli onalik va perinatal xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaydi.

Onalar o‘limi ulushi kamaygan

Monitoring natijalariga ko‘ra, oldini olish mumkin bo‘lgan onalar o‘limi ulushi 2022-yildagi 77,3 foizdan 62,8 foizgacha, ya’ni 14,5 foiz bandga kamaygan. Shuningdek, tana vazni juda past bo‘lgan yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning omon qolish ko‘rsatkichi dastur boshlanganidan buyon qariyb 13 foizga yaxshilangan.

“Ishonch” jamg‘armasi O‘zbekiston va Shveysariya hukumatlari o‘rtasidagi Restitutsiya bitimi asosida tashkil etilgan bo‘lib, Shveysariyada musodara qilingan Gulnora Karimovaning noqonuniy aktivlarni O‘zbekiston aholisi manfaatlari yo‘lida shaffof va hisobdorlik tamoyillari asosida sarflashni nazarda tutadi. Jamg‘arma mablag‘lari BMT agentliklari orqali sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Теги :
Jamiyat