$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Yashirilayotgan trillion dollarlar: Dunyo boylari soliqlardan qanday qochmoqda?

Dollar

Xalqaro xayriya tashkiloti Oxfam hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyoning eng boy odamlari taxminan 3,55 trillion dollarni soliqlardan yashirib kelmoqda. Bu pul hatto Fransiyaning butun iqtisodiyotidan ham katta. Pullar asosan offshor hududlarda yoki rasmiy hujjatlarda ko‘rsatilmagan bank hisoblarida saqlanadi. Tashkilot bu ma’lumotni mashhur “Panama hujjatlari” e’lon qilinganiga 10 yil to‘lishi arafasida e’lon qildi. 

Boylar qo‘lidagi trillionlab dollar

Oxfam hisobotiga ko‘ra, offshorlarda saqlanayotgan pullarning katta qismi juda oz sonli odamlar qo‘lida jamlangan. Masalan, dunyoning eng boy 0,1 foiz aholisi offshorlarda taxminan 2,84 trillion dollar saqlab turibdi. Bu esa yashirilayotgan pullarning qariyb 80 foizi degani. Bu miqdor hatto yer yuzidagi 4,1 milliard eng kambag‘al odamning umumiy boyligidan ham ko‘proq.

Eng boylarning yana ham kichik qismi — ya’ni 0,01 foiz odamlar esa offshorlarda qariyb 1,77 trillion dollar mablag‘ saqlab turibdi. Oxfamning aytishicha, jami yashirilayotgan 3,55 trillion dollar nafaqat Fransiya iqtisodiyotidan katta, balki dunyodagi eng kam rivojlangan 44 ta davlatning umumiy iqtisodiyotidan ham ikki baravar ko‘p.

Tashkilot bunday holatga qarshi choralar ham taklif qilmoqda. Unga ko‘ra, dunyoning eng boy 1 foiz aholisi uchun soliqlarni oshirish va o‘ta katta boylikka alohida soliq joriy qilish kerak. Shuningdek, offshor hududlarni kamaytirish va moliyaviy tizimni yanada ochiq qilish uchun davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhim deb hisoblanmoqda.

Panama hujjatlaridan keyin nima o‘zgardi?

2016-yilda mashhur “Panama hujjatlari” e’lon qilingandan keyin ko‘pchilik offshorlardagi pullar kamayadi deb o‘ylagan edi. Ammo Oxfam ma’lumotiga ko‘ra, buning aksi yuz bergan. 2023-yilga kelib offshorlarda saqlanayotgan aktivlar hajmi 13,25 trillion dollarga yetgan. Bu o‘sha paytda dunyo iqtisodiyotining qariyb 12,5 foiziga teng bo‘lgan.

Shu bilan birga, soliqqa tortilmaydigan offshor pullar ulushi biroz kamaygan. Hozir bunday mablag‘lar dunyo iqtisodiyotining taxminan 3–4 foizi atrofida barqarorlashgan. Masalan, Jahon banki 2024-yilda dunyo yalpi ichki mahsulotini 110,8 trillion dollar deb baholagan. Oxfam hisobiga ko‘ra, soliqqa umuman tortilmaydigan offshor pullar 3,55 trillion dollarni tashkil qiladi va bu global iqtisodiyotning qariyb 3,2 foiziga teng.

Mutaxassislar buni soliq tizimidagi yangi qoidalar bilan izohlaydi. 2016–2017-yillarda soliq ma’lumotlarini avtomatik almashish tizimi (AEOI) ishga tushirilgan. Bu tizim orqali davlatlar bank hisoblari haqidagi ma’lumotlarni bir-biri bilan almasha boshlagan. Natijada yashirin pullarni aniqlash osonlashgan. 2025-yil mart oyiga kelib esa bu tizimga 126 ta davlat va hudud qo‘shilgan.

Offshor hudud o‘zi nima?

Offshor — bu soliq juda kam yoki umuman olinmaydigan davlat yoki hududda ochilgan kompaniya yoki bank hisobidir. Oddiy qilib aytganda, ayrim boy odamlar yoki kompaniyalar pulini o‘z mamlakatida emas, solig‘i kam bo‘lgan boshqa davlatlarda saqlaydi. Shu yo‘l bilan ular kamroq soliq to‘laydi, ba’zan esa umuman soliq to‘lamasligi ham mumkin.

Masalan, bir tadbirkor katta daromad topadi. U o‘z mamlakatida yuqori soliq to‘lash o‘rniga offshor hududda kompaniya ochadi va daromadini o‘sha kompaniya orqali o‘tkazadi. Natijada to‘laydigan soliq miqdori kamayadi. Bunday offshor hududlarga Britaniya Virgin orollari, Kayman orollari, Panama yoki Seyshel orollari kiradi.

Теги :
Jamiyat