$
 12170.67
20.83
 14048.60
44.69
 152.30
1.2
weather
+26
Кечаси   +14°

“Kartoshka puli” barcha xodimlarga to‘lab berilishi kerakmi?

pul

Xodimlarga har yili kuz mavsumida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun taqdim qilinadigan moddiy yordam shakli og‘zaki nutqda “kartoshka puli” deb yuritiladi. Qaysidir tashkilot ushbu pulni bersa, boshqa korxona xodimlari esa bunday moddiy yordam turini hech qachon olmaganini aytadi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, o‘zi “kartoshka puli” hammaga berilishi kerakmi? Biror qoida va tartibi bormi? Bu savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi Muhammadamin Karimjonov batafsil javob berdi.

Bu ish beruvchining majburiyatimi?

Mehnat kodeksida ish beruvchiga xodimlarga mazkur turdagi moddiy yordamni taqdim qilishi haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiyat yuklanmagan. Faqatgina, ayrim davlat tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lashga oid qonunchilik hujjatlari (Prezident qarorlari yoki Hukumat qarorlari)da xodimlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotib olish uchun moddiy yordam ajratish haqida alohida holatlar belgilab o‘tilgan.

Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-yanvardagi 12-son qaroriga ilova “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 13-bandida, 2017-yil 4-dekabrdagi 963-son qaroriga 2-ilova “O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning tizimiga kiruvchi tashkilotlar xodimlarini moddiy rag‘batlantirish shartlari va tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 11-bandida hamda 2017-yil 22-iyundagi 409-son qaroriga ilova “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 14, 18-3-bandlarida, shuningdek, Prezidentning 2017-yil 15-iyundagi PQ-3060-son qaroriga 4-ilova “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 2-bandida va boshqa qonunchilik hujjatlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish uchun moddiy yordam belgilangan.

Qonunchilik hujjatlarida “kartoshka puli” nazarda tutilmagan xodimlarga ushbu moddiy yordam qanday tartibda beriladi?

MK 13-moddasiga ko‘ra, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda xodimlar uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilanganiga nisbatan qo‘shimcha huquqlar va kafolatlar nazarda tutilishi mumkin. MK 12-moddasiga ko‘ra, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar quyidagilardan iborat:

  • jamoa kelishuvlari;
  • jamoa shartnomalari;
  • ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinadigan ichki hujjatlar;
  • ichki hujjatlar, shu jumladan ish beruvchi o‘z vakolatlari doirasida yakka o‘zi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar.

MK 67-moddasiga ko‘ra, tashkilotning iqtisodiy imkoniyatlari hisobga olingan holda, jamoa shartnomasida boshqa shartlar, shu jumladan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan normalar hamda qoidalarga nisbatan imtiyozliroq mehnat shartlari va ijtimoiy-iqtisodiy shartlar (qo‘shimcha ta’tillar, pensiyalarga ustamalar, muddatidan oldin pensiyaga chiqish, transport va xizmat safari xarajatlarini kompensatsiya qilish, xodimlarni ishlab chiqarishda hamda ularning farzandlarini umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bepul yoki qisman haq to‘lanadigan tarzda ovqatlantirish, uyali aloqa, Internet jahon axborot tarmog‘i uchun haq to‘lash, oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qitish uchun ssudalar to‘lash va haq to‘lash, boshqa qo‘shimcha imtiyozlar va kompensatsiyalar) ham bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, MK 16-moddasiga ko‘ra, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida xodimga mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilganiga nisbatan qo‘shimcha huquqlar va kafolatlar nazarda tutilishi mumkin.

Demak, nafaqat qonunchilik hujjatlarida balki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, masalan, jamoa shartnomasida yoki xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida ham “kartoshka puli” nazarda tutilishi mumkin ekan. Masalan, tashkilot jamoa shartnomasida ish beruvchi har yili kuz mavsumida xodimlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) barobari miqdorida moddiy yordam to‘lanishini ta’minlashi belgilangan.

“Kartoshka puli” uchun ariza yozish kerakmi?

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun beriladigan moddiy yordamning o‘ziga xosligi bu jamoaviy to‘lov hisoblanadi. Agar mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, “kartoshka puli” faqat ayrim “tanlangan” xodimlargagina emas, balki barcha xodimlarga birdek miqdorda to‘lanadigan moddiy yordam turidir.

Demak, qonunchilik hujjatlarida, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, masalan, jamoa shartnomasida barcha xodimlar uchun “kartoshka puli” nazarda tutilgan bo‘lsa, ariza yozish shart emas. Ish beruvchining buyrug‘i yetarli hisoblanadi.

Agar ish beruvchi “kartoshka puli”ni taqdim qilishdan bosh tortsachi?

MK 34-moddasida mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning asosiy prinsiplari keltirib o‘tilgan. Masalan, taraflar tomonidan majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishning ixtiyoriyligi hamda taraflar o‘z zimmasiga olayotgan majburiyatlarning haqiqiyligi va ularni bajarishning majburiyligi prinsiplari.

Demak, agar ish beruvchi mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda berilishi shart qilib ko‘rsatilgan kafolatlarni berishdan bosh tortsa, bu mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 49-moddasiga ko‘ra, mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Daromad solig‘i ushlanadimi?

Soliq kodeksi 377-moddasi 10-bandiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini berish yoki ularni sotib olish uchun mablag‘lar berish tarzida ko‘rsatiladigan moddiy yordam soliq to‘lovchining boshqa daromadlariga kiradi.

Soliq kodeksi 378-moddasi 1-qismi 1-bandiga ko‘ra, ushbu Kodeksning 377-moddasida ko‘rsatilgan boshqa hollarda, soliq davri uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4,22 baravarigacha miqdorda moddiy yordam summalari tarzidagi daromad turlariga soliq solinmaydi.

Intizomiy jazosi bor xodimlarga ham “kartoshka puli” beriladimi?

MK 299-moddasi 5-qismiga ko‘ra, intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qo‘llanilmaydi.

Diqqat qiling, bu yerda gap rag‘batlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar haqida gap ketmoqda. Ya’ni moddiy yordam rag‘batlantirish chorasi hisoblanmaydi.

Bundan xulosa qilsak, qonunchilik hujjatlarida, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, masalan, jamoa shartnomasida yoki xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida “kartoshka puli” nazarda tutilgan bo‘lsa, intizomiy jazosi bor xodimlarga ham “kartoshka puli” tarzidagi moddiy yordam beriladi.

Теги :
Iqtisodiyot