$
 11963.23
50.85
 13970.66
97.5
 155.35
1.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Prompt: Mukammal javob uchun neyrotarmoqlarga savolni qanday berish kerak?

prompt

Neyrotarmoqlar biz soʻragan hamma narsani bajaradi: soniyalar ichida ijtimoiy tarmoqlar uchun matnlar yozadi, maqolalarni tarjima qiladi, barcha savollarimizga javob beradi, rasmlar chizadi va hokazo. Faqat aynan oʻzimiz xohlagan narsani olish uchun soʻrovni toʻgʻri ifodalash kerak. Aks holda koʻngildagi natijani ola olmaymiz. Xoʻsh, prompt oʻzi nima? Uni qanday tuzish kerak?

Prompt nima?

Prompt bu — neyrotarmoq uchun tabiiy tilda tuzilgan vazifa. Haqiqiy, jonli yordamchiga vazifa berayotganingizni tasavvur qiling, nimani xohlayotganingizni batafsil bayon qilish va unga kerakli maʼlumotlarni berish kifoya.

Promptlar sunʼiy intellektga yoʻnalish berish uchun birgalikda ishlaydigan bir nechta asosiy qismlardan tashkil topgan. Har bir prompt bu qismlarning barchasini oʻz ichiga olmaydi, ammo har bir qism qanday ishlashini tushunish sizga aniqroq va samaraliroq soʻrovlar yaratishga yordam beradi.

Promptning asosiy qismlari quyidagilardan iborat:

— Yoʻriqnoma (Directive);

— Misollar (Examples);

— Rol (Persona);

— Natijaviy format (Output Formatting);

— Qoʻshimcha maʼlumot (Additional Information).

Keling, ularning barchasini batafsil koʻrib chiqamiz.

Yo‘riqnoma (Directive)

Yo‘riqnoma – bu promptdagi asosiy ko‘rsatma bo‘lib, AIga aynan qanday vazifa bajarishi kerakligini bildiradi. Aniq yo‘riqnoma bo‘lmasa, AI umumiy yoki mavzuga aloqasi bo‘lmagan javob qaytarishi mumkin.

Misol:

1. Aniq yo‘riqnoma bilan prompt: Menga tomosha qilish uchun beshta yaxshi serial ayting.

2. Biroz yashirin (implied) yo‘riqnomalar ham mavjud: Night – Tun; Morning – ...

Bu yerda ko‘rsatma bevosita aytilmagan bo‘lsa-da, misol shakli orqali AIga tarjima vazifasi yuklanadi.

Yo‘riqnoma yozishda tavsiyalar:

— aniq va qisqa yozing;

— mavhum yoki noaniq ko‘rsatmalardan saqlaning;

— iloji bo‘lsa, harakat bildiruvchi fe’llardan foydalaning “yozing”, “sanab chiqing”, “tarjima qiling” kabi.

Misollar (Examples)

Vazifa murakkab bo‘lgan hollarda, AIga kutilgan natijani tushuntirish uchun misollar kiritish foydalidir. Bu yondashuv, ayniqsa, “one-shot” va “few-shot prompting” usullarida qo‘llaniladi, ya’ni modelga bitta yoki bir nechta namunaviy javob ko‘rsatiladi.

Misollar natijaning qanday format, uslub yoki tuzilishga ega bo‘lishini ko‘rsatadi. Misollar AI xatti-harakatlarini yo‘naltiradi va aniqroq javob olishga yordam beradi.

Misol:

Quyidagi jumlalarni tarjima qiling:

inglizcha: I like apples.

o‘zbekcha: Men olmalarni yaxshi ko‘raman.

inglizcha: I enjoy walking.

o‘zbekcha: -

AI bu yerda qanday tarjima qilishni misoldan o‘rganadi va keyingi jumlalarni ham shu andozaga muvofiq tarjima qiladi.

Eng yaxshi amaliyotlar:

— vazifaga mos va aniq misollar bering;

— kutilayotgan natijaning strukturasi va mazmunini ko‘rsating;

— misollar sonini vazifa murakkabligiga qarab moslashtiring.

Rol (Persona)

Bu AIga o‘zini kim sifatida tasavvur qilishi kerakligini bildiradigan ko‘rsatmadir. Rol berish model javobining aniqligini oshiradi, ayniqsa soha bo‘yicha maxsus bilimlar yoki ohang talab qilingan hollarda.

AIga ma’lum rol yuklash (masalan, mutaxassis, shifokor, jurnalist kabi) javob uslubi va mazmuniga ta’sir qiladi. Bu modelga ma’lum ohang va kontekstdan foydalanishga yordam beradi.

Misol:

AIga huquqshunos rolini yuklash:

Siz huquqshunossiz. Quyidagi keysdan kelib chiqib vaziyatga huquqiy baho bering.

Eng yaxshi amaliyotlar:

— rol tanlashda vazifaga mos mutaxassislikni belgilang;

— maxsus uslub yoki nutq ohangi kerak bo‘lsa, roldan foydalaning;

— rol bilan birga qo‘shimcha kontekst ham taqdim qiling.

Natijaviy Format (Output Formatting)

Ba’zida AI’dan olingan natijaning ma’lum strukturada bo‘lishi muhim. Bu ro‘yxat, jadval, odatiy paragraf, CSV, Markdown kabi shakllar bo‘lishi mumkin. Format ko‘rsatmasi noto‘g‘ri shakldagi natijalarning oldini oladi.

Aniq format ko‘rsatmasi bo‘lmasa, AI to‘g‘ri ma’lumot bersa ham, foydalanuvchiga kerakli ko‘rinishda bo‘lmasligi mumkin. Aynan formatlash natijani tahlil qilishni yoki dasturda qayta ishlashni osonlashtiradi.

Misol:

CSV formatda natija talab qilish:

Ish: 2024_ABC_International

Mijoz: XYZ Corporation

Yurisdiksiya: Yevropa Ittifoqi va AQSH

Holati: Faol

Yetakchi advokat: John Doe

Keyingi sud: 2024-10-15

Ushbu ma’lumotni CSV formatda chiqaring.

Qo‘shimcha Ma’lumot (Additional Information)

Ba’zan “kontekst” deb ataladigan bu element AIga zarur fon ma’lumotini beradi. Bu, ayniqsa, murakkab yoki sohaviy vazifalarda to‘g‘ri va aniq javob olish uchun juda muhim.

Qo‘shimcha ma’lumot AIga aniqroq javob berishi uchun zarur bo‘lgan faktlar, tarixiy ma’lumotlar yoki statistikalar. AI o‘zi bu ma’lumotlarni “bilmasligi” mumkin, shuning uchun siz taqdim etishingiz kerak.

Misol:

Qo‘shimcha ma’lumot:

— 2020-yil 12-may: Mijoz avtoulov boshqarib ketayotib piyodani urib yuborgan. Jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yetgan. Dastlabki tergov natijasida Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bo‘yicha ish ochilgan.

— 2020-yil 25-iyun: Jabrlanuvchi bilan yarashuvga erishilgan. Fuqarolik da’vosi qanoatlantirilgan. Ish sud tomonidan tugatilgan.

— 2022-yil 3-dekabr: Mijoz yana yo‘l harakati qoidalarini buzgan. Spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda avtomobil boshqarganligi uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi asosida javobgarlikka tortilgan.

Prompt:

Siz advokatsiz. Ushbu keys asosida mijozning kelajakda jinoyat yoki ma’muriy javobgarlikka tortilish ehtimolini baholang. Mavjud qonunchilik va amaliyot asosida xulosalar chiqaring.

Eng yaxshi amaliyotlar:

— faqat zarur ma’lumotni kiriting; 

— keraksiz tafsilotlarni sun’iy intellektga jo‘natmang;

— ma’lumot va vazifa o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlang;

— AIga o‘zi ega bo‘lmagan zarur vaziyatni taqdim eting.

Prompt qismlarining tavsiya etilgan tartibi

Prompt qismlarini joylashtirishning yagona to‘g‘ri usuli yo‘q, ammo samarali natija olish uchun tavsiya etilgan tartib mavjud:

— misollar (agar kerak bo‘lsa);

qo‘shimcha ma’lumot;

— rol (kim sifatida javob berishi kerak);

— yo‘riqnoma (aniq vazifa);

format ko‘rsatmasi.

Nega bu tartib muhim?

Promptda yo‘riqnoma oxirida kelsa, AI avval ma’lumotlarni qayta ishlaydi va keyin vazifaga e’tibor beradi. Agar yo‘riqnoma boshida bo‘lsa, model vazifani bajarmasdan kontekstni davom ettirib yuborishi mumkin (chunki AI’lar odatda “navbatdagi so‘z”ni bashorat qilishga o‘rgatilgan).

Xulosa qilib aytganda samarali prompt yozish uchun uning asosiy qismlarini tushunish zarur: yo‘riqnoma, misollar, rol, format va qo‘shimcha ma’lumot. Bu elementlar orqali siz AI’dan aniq, to‘g‘ri va foydali javoblar olishingiz mumkin. Turli kombinatsiyalar bilan tajriba qilish esa har xil vazifalar uchun optimal so‘rovlarni shakllantirishga yordam beradi.

Теги :
Jamiyat