$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Probatsiya xizmati qanday samara bermoqda?

probatsiya

O‘zbekiston Respulikasi prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi qanday bajarilmoqda? Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova shu haqda ma’lumot berdi.

Uning ta’kidlashicha, farmonda Departament tizimidagi probatsiya xizmati faoliyatining samaradorligini oshirish vazifasi qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib, mazkur xizmat sifatini oshirish, nazorat ostidagi shaxslarning ijtimoiylashuvi hamda bandligini ta’minlash, ular tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlarining barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni yangicha yondashuv asosida tashkil etish orqali bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. 

Probatsiya o‘zi nima?

Probatsiya xizmati haqidagi farmon ijrosi qanday ta’minlanayotganini gapirishdan oldin probatsiya nima ekanligiga to‘xtalib o‘tsak. Xo‘sh, probatsiya nima? Uning vazifalari nimalardan iborat?

 Probatsiya xizmati – bu sud hukmi yoki ajrimi bilan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslar tomonidan jazo ijro etilishini ta’minlaydi. Ya’ni, axloq tuzatish, majburiy jamoat ishlari, ozodlikni cheklash, muayyan huquqdan mahrum qilish jazolari tayinlangan va shartli hukm qilingan shaxslar tomonidan ularning bajarilishini nazorat qiladi.

Jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan hamda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmaganlarning xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshiradi.

Eng muhimi, mazkur shaxslarning ijtimoiy moslashuviga, o‘qish va ishga joylashishiga hamda ularga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatilishiga ko‘maklashadi. Shu bilan birga, nazoratdagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

“Probatsiya oyligi”

Joriy yil 23-iyuldan 23-avgustga qadar mamlakat miqyosida “Probatsiya oyligi” e’lon qilinib, probatsiya nazorati ostidagi shaxslarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy hayotga moslashuvi borasidagi tadbirlar kuchaytirildi. Mavjud muammolarini aniqlash va bartaraf etish hamda turmush darajasini yaxshilash maqsadida kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilindi.  

Probatsiya bo‘linmalari nazorat ostida 85 ming 709 nafar shaxs

2024-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, probatsiya bo‘linmalari nazorat ostida 85 ming 709 nafar shaxs hisobga olingan. 

Nazoratdagi shaxslar tuzalish yo‘liga o‘tgan, jinoyat sodir etishga moyil hamda jinoyat sodir etish xavfi yuqori kabi toifalarga ajratilib, ular tomonidan qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlash maqsadida 64 ming 667 nafar nazoratdagi shaxslarning ijtimoiy psixologik portreti tuzilgan va tarbiyaviy-profilaktik ta’sir choralari ko‘rilgan. 

Jazo o‘tashdan bo‘yin tovlab yashirinib yurgan 422 nafar shaxs

Joriy yil 7 oy yakuni bo‘yicha probatsiya bo‘linmalari tomonidan keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda nazoratdagi shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan profilaktik ishlar natijasida nazorat ostidagi 53 ming 144 nafar shaxs hisobdan chiqarildi. Jazo o‘tashdan bo‘yin tovlab yashirinib yurgani sababli qidiruv e’lon qilingan 422 nafar shaxs ushlanib, tegishli tartibda jazoni ijro etish muassasalariga qaytarildi. 

Jazo o‘tash tartibini muntazam ravishda buzib, jazo o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan 4 ming 315 nafar nazoratdagi shaxslarning qolgan jazo muddati jazoning boshqa turiga almashtirildi. 

Probatsiya sohasidagi muhim yangilik

Probatsiya sohasidagi muhim yangiliklardan biri – 2024-yil 7-avgustda “Probatsiya to‘g‘risida”gi qonunning davlatimiz rahbari tomonidan imzolangani bo‘ldi. 

Qonun 9 bob, 74 moddadan iborat bo‘lib, asosiy maqsadi probatsiyani amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdir. Bunda, nazoratdagi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini hurmat qilish, tabaqalashtirish va individual yondashish hamda oshkoralik kabi prinsiplar qonunning asosiy prinsiplari etib belgilangan. 

Qonun bilan IIV Jamoat xavfsizligi departamentining vakolatlari aniq belgilandi.