$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Prezidentning bayram tabrigida qanday yangiliklar haqida so‘z bordi?

president

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida "Humo Arena" majmuasida Navro‘z shodiyonasi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, xalqimizni bayram bilan tabrikladi. Nutq davomida bir qator fikr va mulohaza hamda qiziqarli raqamlar haqida so'z bordi.

Tadbirkorlik

Prezident o'tgan vaqt davomida yurtimizdagi tadbirkorlik sohasi bilan yuz bergan o'zgarishlar haqida nutq irod etdi. "Biz ishbilarmonlik muhiti rivoji uchun yanada keng imkoniyatlar yaratib beramiz. Joriy yilda qabul qilingan davlat dasturidagi maqsadlarga 36,5 trillion so‘m va 460 million dollar mablag‘ yo‘naltirish belgilangani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Oilaviy tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish dasturlari doirasida 50 mingdan ziyod yurtdoshlarimizga Biznesni rivojlantirish banki orqali zarur moliyaviy va moddiy yordam ko‘rsatiladi. Jumladan, ularga garov talabisiz 100 million so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bundan tashqari, o‘rta biznes vakillariga 1,5 milliard so‘mgacha bo‘lgan imtiyozli kreditlar 7 yil muddatga beriladi. Umuman, joriy yilda barcha turdagi tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 millionga yaqin aholiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi".

Sport va sportchilar e'tirofi

Prezident bugungi kunda yurtimiz yoshlari xalqaro fan olimpiadalarida, madaniyat va san’at, IT va sport yo‘nalishlaridagi nufuzli tanlov va festivallarda faol ishtirok etib, g‘olib va sovrindor bo‘lib kelayotganlari barchamizni quvontirishini, bunga misol sifatida sportchilarimiz o‘tgan yili Osiyo o‘yinlarida 22 ta oltin, 18 ta kumush, 31 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, O‘zbekistonning ushbu musobaqalardagi rekordini yangilaganligini ta'kidladi. Yurtboshi sport sohasida qizlarimiz ham o‘g‘lonlarimizdan qolishmayotgani, xususan, Zaynab Dayibekova qilichbozlik bo‘yicha Peruda bo‘lib o‘tgan jahon kubogi o‘yinlarida O‘zbekiston sporti tarixida birinchi marta bronza medalini qo‘lga kiritgani, Shahina Yigitaliyeva esa Paraosiyo o‘yinlarida nayza otish bo‘yicha oltin medalga sazovor bo‘lib, mazkur musobaqalar rekordini yangilaganini eslab o'tdi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev yaqinda mashhur shaxmat grossmeysteri – Nodirbek Abdusattorov Praga xalqaro turnirida muddatidan oldin g‘alaba qozonib, jahondagi eng kuchli to‘rtta shaxmatchining biriga aylanganini eslab, "kelinglar, shu ulug‘ ayyom kunda barchamiz astoydil niyat qilaylik: Nodirbekka tez kunlarda Vatanimizga jahon shaxmat tojini olib kelish nasib etsin! Sen bunga albatta qodirsan, Nodirbek o‘g‘lim! Butun el-yurtimiz sendan shu buyuk g‘alabani kutmoqda", — deya nutqini davom ettirdi.

Muhim raqamlar

Prezident so‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 17 foizdan 11 foizga tushirishga erishilgani, 900 mingga yaqin aholiga qariyb 20 trillion so‘m imtiyozli kredit, 200 mingdan ziyod fuqarolarga 1,5 trillion so‘m subsidiya, qariyb 700 ming oilaga esa dehqonchilik uchun 200 ming gektar yer ajratib berilganini ta'kidladi. "Eng asosiysi, tadbirkorlik, jumladan, tomorqadagi mehnat, odamni, ayniqsa, yoshlarni jismoniy va ma’naviy tarbiyalaydi, ularni o‘z kuchi va imkoniyatiga ishonib yashashga o‘rgatadi. Ta’kidlab aytmoqchiman: davlatimiz bunday faol insonlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, xonadonlardagi tomorqada yetishtiriladigan mahsulotlarni sotib oluvchi, qayta ishlovchi, shu mahsulotlarni eksport qiluvchi tadbirkorlarga 300 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha grant beriladi. Bundan tashqari, bo‘sh yerlarda sanoatbop daraxtlar o‘stirish, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.", — deydi Shavkat Mirziyoyev.