Xo‘jalik texnikalarini olib kirishda bojxona stavkasi nollashtirilmoqda
Shavkat Mirziyoyev mahallik xo‘jalikni rivojlantirish borasida yangi qarorni qabul qildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorni qabul qildi.
Platforma ma’lumotlari har 6 oyda yangilanadi
“Online-mahalla” platformasining “Aholi tomorqasi” moduliga tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xonadonda mavjud issiqxonalar hamda tomorqadan samarali foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlar har 6 oyda (aprel, oktyabr oylarida) kiritiladi.
Imtiyozli davr bilan 7 yillik kreditlar
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining resurslari hisobidan ajratiladigan kreditlar yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan 4 foizi bank marjasi) quyidagicha beriladi.
- chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, kurkachilik va parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish va “dala do‘konlari”ni qurish uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga;
- bog‘dorchilik (ko‘chatchilik), uzumchilik (tok so‘risi) va limonchilikni tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish hamda ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar qurish, ko‘chma muzlatkichlarni o‘rnatish, artezian quduqlarini qazish uchun – 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga.
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvargacha motokultivatorlar, bir o‘qli traktorlar va minitraktorlarni olib kirishda bojxona bojining nol stavkalari belgilanadi.



