$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

2025-yil 28-fevralning eng muhim voqealari dayjesti

28-fevral dayjesti

Bahorda 300 mingta daraxt ko‘chatlari ekiladi

Toshkent viloyati, Nurafshon shahrida “Mahalla yoshlarining ma’naviyat bog‘i” tashkil etildi. Dastlab yer maydonlarida sug‘orish tizimlari yo‘lga qo‘yilib, daraxt ekishga tayyorlandi. Bog‘ hududida 8,5 gektar maydonga pavlovniya, oqterak, majnuntol, gilos, tut, tok, qayrag‘och kabi 7 ming tupdan ziyod daraxt ko‘chatlari ekildi. 2025-yil bahor mavsumida respublikaning 121 ta shahar, tumanlarida “Yoshlar yashil bog‘lari” tashkil etilib, 300 ming dona daraxt ko‘chatlari ekiladi. Mazkur tadbirlarda Yoshlar parlamenti a’zolari, ekofaollar, talabalar va yosh olimlar, kitobxonlar, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari, jurnalist va blogerlar, sportchilar, san’atkorlar, yosh tadbirkorlar, yoshlar yetakchilari, qariyb 50 mingga yaqin yoshlar faol ishtirok etishi belgilangan.

O‘zbekiston bo‘ylab 1 700 dan ortiq masjidda xatmi Qur’on o‘qiladi

Joriy yil Ramazon oyida O‘zbekistondagi 2100 dan ortiq masjidda taroveh namozi, ularning 1740 dan ortig‘ida esa 27 kun davomida Qur’oni Karim to‘liq xatm qilinadi. O‘zbekiston musulmonlar idorasi hududlar bo‘ylab tarovih namozining boshlanish vaqtlarini e’lon qildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi taqdim etgan axborotga asoslanib, 2025 yil O‘zbekistonda muborak Ramazon oyining boshlanishi 1 mart kuniga to‘g‘ri kelishi ma’lum qilingan edi. Shu munosabat bilan 28 fevraldan O‘zbekistondagi 2100 dan ortiq masjidda tarovih namozi, ularning 1740 dan ortig‘ida esa Qur’oni Karim to‘liq xatm qilish boshlanmoqda.

Sirdaryo va Oqoltin tumanlariga yangi hokim tayinlandi

Sirdaryo viloyatining ikki tumanida hokim o‘gardi. Jumladan, Sirdaryo tumaniga Turdimurodov Azizbek Maxammatqul o‘g‘li hokim qilib tayinlandi. Azizbek Turdimurodov 1994 yil Sirdaryo viloyati, Boyovut tumanida tug‘ilgan. 2019 yil Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, 2022 yilda esa Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutini tamomlagan. Mutaxassisligi: axborot texnologiyalari va servis, loyihalarni boshqarish. Tayinlovdan oldin Sirdaryo viloyati yoshlar ishlari agentligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan. Shuningdek, Ernazarov Komiljon Yuldashaliyevich Oqoltin tumani hokimi lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Suvonov Xusnitdin Yaxshilikovich tayinlandi.

Xusnitdin Suvonov tayinlovdan oldin tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan.

Qilichbozlik bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi tengsiz bo‘ldi

Sablya yo‘nalishi bo‘yicha o‘zbekistonlik yigitlar musobaqada Malayziya, Singapur, Gonkong va Qozog‘istonni mag‘lubiyatga uchratdi. Kuvaytda o‘tayotgan qilichbozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik sablyachi yigitlar jamoaviy dasturda oltin medallarni qo‘lga kiritishdi. Bu haqda O‘zbekiston MOQ Matbuot xizmati xabar berdi. Islambek Abdazov, Sardor Abdukarimbekov, Musa Aymuratov va Zuhriddin Qodirovdan iborat O‘zbekiston terma jamoasi Malayziya, Singapur, Gonkong va finalda Qozog‘istonni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘lishdi.

Теги :
Jamiyat