Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 90 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +10° kechasi +10°

2025-yil 25-fevralning eng muhim voqealari dayjesti

Pokiston Bosh vazirining rasmiy tashrifi, Kuvayt bilan migratsiya hamkorligi, 50 foiz o‘zbekistonliklarning quyosh panellari bilan jihozlanishi, Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik qilichbozlar qo‘lga kiritgan kumush medallar — kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.

2 daqiqa o‘qiladi

2025-yil 25-fevralning eng muhim voqealari dayjesti

Pokiston Bosh vaziri rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi

Bugun, 25 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Bu haqda Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi. Qayd etilishicha, martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib olgan. Qisqa suhbatdan so‘ng, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif tashrif dasturiga muvofiq navbatdagi manzilga jo‘nab ketgan.

Kuvayt O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilishi mumkin

Mamlakat elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti vakillarining Kuvaytga safari uyushtirildi. Tashrifning asosiy maqsadi Kuvaytdagi salohiyatli ish beruvchi va rekruting kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazish hamda O‘zbekistondan malakali ishchi kuchini Kuvaytga jalb qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishishdan iborat bo‘ldi. O‘zbekiston delegatsiyasi safar davomida ushbu mamlakatning yetakchi Kuwait Agriculture Company, Gulf Care Trade, AlJaber Group Holding, NBTC Group, Me Career, Brunel Energy Kuwait, Diversity Tech kompaniyalari va Courtyard by Marriott mehmonxonasi rahbarlari bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekistonlik qilichbozlar Osiyo chempionatida ikkita kumush medalni qo‘lga kiritdi

Kuvaytda o‘tkazilayotgan qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar o’rtasidagi Osiyo chempionati yakunlandi. Unda o‘zbekistonlik qilichbozlari ikkita kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ikkala sovrin ham jamoaviy dasturda qo‘lga kiritildi. Finalda Xitoy terma jamoasiga qarshi o‘tkazilgan bahsda O‘zbekiston terma jamoasi raqiblariga 17:45, qizlar esa 44:45 hisobida imkoniyatni boy berdi. 25-fevral kuni yoshlar o’rtasida chiqishlar boshlanadi.

Aholi va xo‘jalik subyektlari binolari tomining kamida 50 foizi quyosh panellari bilan jihozlanadi

“Kazinform” xalqaro axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur dastur doirasida binolar tomlariga quyosh panellari o‘rnatilib, qo‘shimcha “yashil” quvvatlarni yaratish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqiladi. Shuningdek, O‘zbekistonda kelgusi ikki yilda 3 mingta kichik GES ishga tushirilishi rejalashtirilgani ma’lum qilingan.

“Aholi va xo‘jalik subyektlari binolarining tomlarini kamida 50 foiz quyosh panellari va geliokollektorlar bilan qoplash bo‘yicha ko‘rsatmalar va dastur ishlab chiqarish topshirilgan”, – deya O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov fikrlaridan iqtibos keltirilgan maqolada. Qayd etilishicha, ushbu dastur qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish va an’anaviy energiya manbalariga qaramlikni kamaytirishga ko‘maklashadi. 2024-yilda O‘zbekistonda sal kam 11 ming jismoniy shaxs mamlakat energetika tizimiga 12 million 182 ming 90 kilovatt-soat quyosh energiyasini yetkazib berdi va davlat budjetidan 12 milliard 182 million so‘m miqdorida subsidiya oldi.