2025-yil 23-fevralning eng muhim voqealari dayjesti
Samarqandni kengaytirishga rozilik bildirgan senatorlar, Timur Ishmetovning Afg‘oniston Markaziy banki prezidenti bilan uchrashuvi, O‘zbekiston va Tojikiston qo‘shma sanoat korxonasining tashkil etilishi, Osiyo kubogida oltin medal — kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Senat Samarqandni kengaytirishga rozilik bildirdi
Senatorlar Samarqand viloyatining qator tuman va shaharlari chegaralarini o‘zgartirishga rozilik bildirdi. Senatorlar ko‘rib chiqqan masalada Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidan 243 gektar, Samarqand tumanidan 170 gektar, jami 413 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda. Natijada amaldagi 252 gektardan iborat “Shirin” mavzesi hududi kengaytirilib, jami 665 gektar maydonni tashkil etadi. Muhokamalar jarayonida tasdiqlangan master reja bo‘yicha hududda 180 ming aholiga mo‘ljallangan jami 60 mingta xonadondan iborat 254 ta ko‘p qavatli uylar, 45 ta ijtimoiy soha obyekti qurilishi ma’lum qilindi. Mazkur “Shirin” shaharchasida bunyodkorlik loyihalarini amalga oshirish muddatlari aniq rejalashtirilgan va qurilish ishlari 3 ta bosqichda olib boriladi. “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi to‘liq barpo etilishi natijasida turli sohalarda 50 mingga yaqin aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Timur Ishmetov Afg‘oniston Markaziy banki prezidenti bilan uchrashdi
O‘zbekiston Markaziy bankining raisi Timur Ishmetov 22 fevral kuni Toshkent shahrida Afg‘oniston Markaziy bankining (Da Afghanistan Bank) prezidenti Nur Ahmad Og‘a bialn uchrashdi. Uchrashuvda Nur Ahmad Og‘a O‘zbekiston bilan bank sohasidagi hamkorlikni kengaytirish ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini yanada oshirish uchun zamin yaratishi mumkinligini aytdi. Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlar bank o‘tkazmalarini osonlashtirish, salohiyatni oshirish, savdo operatsiyalarida ikki mamlakat milliy valyutalaridan foydalanish, ulanish va to‘lov tizimlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.
Dushanbeda O‘zbekiston va Tojikiston qo‘shma sanoat korxonasi tashkil etiladi
Tojikistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda va Farg‘ona viloyati “Kvars” shisha zavodi bosh direktori Akmaljon Bo‘riyev o‘rtasidagi uchrashuvda ikki tomonlama sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va Tojikistonda qo‘shma sanoat korxonasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. “Xovar” axborot agentligi Tojikistonning O‘zbekistondagi elchixonasiga tayanib xabar berishicha, Abdujabbor Rahmonzoda Farg‘ona viloyatining Quvasoy tumani mutaxassislari bilan birgalikda “Kvars” shisha zavodida shisha ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishgan. Tomonlar Dushanbe shahrida ishga tushirish ishlarini yakunlab, qo‘shma korxona tashkil etishga kelishib olishgan.
O‘zbekiston Osiyo kubogida oltin medalni qo‘lga kiritdi
Tailandning Bangkok shahrida kamondan otish bo‘yicha Osiyo kubogining birinchi bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi. Musobaqada O‘zbekiston ayollar terma jamoasi yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, jamoaviy bahslarda oltin medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu g‘alaba nafaqat terma jamoamiz uchun katta yutuq bo‘ldi, balki mamlakatimiz sport tarixi uchun ham muhim voqea hisoblanadi. Final bosqichida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Malayziyalik merganlar bilan kuch sinashdi. Qat’iy kurashlarga boy bo‘lgan final uchrashuvi 5:3 hisobida yurtimiz terma jamoasining g‘alabasi bilan yakunlandi. Bu natija o‘zbekistonlik kamonbog‘larning yuqori mahoratga egaligini yana bir bor isbotladi.



