$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

2025-yil 22-fevralning eng muhim voqealari dayjesti

22-fevral dayjesti

Bugun Isroil Madrimov Ortisga qarshi jang o‘tkazadi

Bugun, 22-fevral kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘zbekistonlik bokschi Isroil Madrimov amerikalik Virjil Ortisga qarshi chempionlik jangi o‘tkazadi.

Jang oldidan har ikki bokschi tarozidan o‘tib, belgilangan vazn me’yoriga mos tushdi – Madrimov 69,9 kg, Ortis 69,4 kg.

Ortis hozirgacha mag‘lubiyatga uchramagan va 22 ta jangining 21 tasini nokaut bilan yakunlagan. Madrimov ushbu jangda uning g‘alabali seriyasiga barham berishga harakat qiladi.

2025-yilgi Navro‘z bayrami keng nishonlanadi

O‘zbekiston Prezidenti 2025-yilgi Navro‘z bayramini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha qaror imzoladi. Bu yilgi bayram “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida o‘tkaziladi va umumxalq sayillari shaklida nishonlanadi. Tadbirlar inson qadri, tabiat va milliy qadriyatlarni ulug‘lash ruhida tashkil etiladi.

Bayram davomida hasharlar, ko‘kalamzorlashtirish loyihalari, hunarmandchilik va kitob ko‘rgazmalari, milliy sport musobaqalari, shuningdek, xayriya tadbirlari o‘tkaziladi. Barcha viloyatlar, tumanlar va qishloqlarda bayram shukuhi yaratilishi uchun mahalliy hokimliklarga maxsus dasturlar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

O‘zbekiston BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga nomzodini ilgari surdi

O‘zbekiston 2035-2036-yillar uchun BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surdi. Bu haqda O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Ulug‘bek Lapasov Xitoy raisligida o‘tkazilgan BMT Xavfsizlik Kengashining global boshqaruv institutlarini isloh qilish bo‘yicha yig‘ilishida ma’lum qildi.

“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, ushbu yig‘ilishda O‘zbekistonning BMT bilan hamkorlik bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlari xalqaro hamjamiyatga yetkazildi. Jumladan:

 • Mintaqaviy hamkorlik va Afg‘onistonni iqtisodiy tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlar;

 • Transmilliy tahdidlarga (giyohvandlik moddalari savdosi, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik) qarshi kurashda BMT bilan hamkorlikni kengaytirish;

 • Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, suv resurslarini tejash va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar;

 • Orolbo‘yida barqaror rivojlanishni xalqaro darajada qo‘llab-quvvatlash zarurati ta’kidlandi.

O‘zbekiston Surinam bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi

Nyu-Yorkda O‘zbekiston bilan Surinam o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolandi. Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni davlatlarning BMTdagi doimiy vakillari imzoladi. Surinam Respublikasi O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 158-davlat bo‘ldi. Surinam - Janubiy Amerikaning shimoli-sharqidagi davlat, g‘arbda Gayana Respublikasi, sharqda Fransiya Gvianasi, janubda Braziliya bilan chegaradosh, shimolda Atlantika okeani suvlari bilan yuviladi.

Теги :
Jamiyat