2025-yil 19-fevralning eng muhim voqealari dayjesti
Abduqodir Husanovning Madridga Afina orqali yetib borishi, Ispaniya va Kanadaning O‘zbekistondagi yangi elchilari tayinlanishi, O‘zbekistonning harbiy texnikalarini namoyish qilishi, O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar sonining 15,1 mingdan oshishi — kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Abduqodir Husanov Madridga Afina orqali yetib bordi
Abduqodir Husanov Madridga Afina orqali uchib bordi. O‘zbekistonlik futbolchi yangi Shengen vizasini Gretsiya orqali olgani bois “Siti” Ispaniya chegarasida muammo bo‘lmasligi uchun Husanovga alohida samolyot ajratdi. Bu samolyot Manchester-Afina-Madrid yo‘nalishida parvozni amalga oshirdi. Shu bois Abduqodir jamoadan keyinroq Madridga yetib bordi.
Ispaniya va Kanadaning O‘zbekistondagi yangi elchilari tayinlandi
18-fevral kuni TIVda Kanadaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Kristofer Duggan Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlarini topshirdi. Tashqi ishlar vaziri shu kunning o‘zida Ispaniyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Rikardo Martines Vaskesning ham ishonch yorliqlari qabul qilib olinganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston harbiy texnikalarini namoyish qildi
Mudofaa sanoati agentligi O‘zbekiston nomidan Abu Dabida bo‘lib o‘tayotgan IDEX-2025 xalqaro mudofaa texnologiyalari ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda. Har ikki yilda o‘tkaziladigan, bu yil 17−21-fevral kunlariga to‘g‘ri kelgan ko‘rgazmada O‘zbekiston harbiy sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan harbiy texnikalar, jumladan, dronlar va elektron urush tizimlari, shuningdek, ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar namoyish etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston uchun ajratilgan pavilonlardan “Arslon” 8×8 va 6×6 zirhli transport vositalari, shuningdek, yuk mashinasi shassisiga o‘rnatilgan “To‘fon” o‘ziyurar gaubitsasi ham o‘rin oldi.
O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 15,1 mingdan oshdi
O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 1-fevral holatiga ko‘ra 15,1 mingtadan oshdi. Bu haqda dushanba kuni prezident huzuridagi statistika agentligi ma’lumotlariga tayanib mahalliy OAV xabar berdi. Qayd etilishicha, O‘zbekistonda joriy yilning 1-fevral holatiga ko‘ra xorijiy investitsiyalar ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni 15 163 tani tashkil etdi.



