2025-yil 10-fevralning eng muhim voqealari dayjesti
“Cyber university” davlat universitetiga rektor tayinlanishi, barcha qurilish obyektlarini QR kod orqali kuzatish imkoniyati, o‘zbekistonlik para taekvondochilarning 9 ta medalga sazovor bo‘lishi, “Xalqlar doʻstligi”da yana Sherali Jo'raevning qo'shiqlari yangrashi — kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

“Cyber university” davlat universitetiga rektor tayinlandi
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Shuhrat Qayumov “Cyber university” davlat universiteti rektori etib tayinlandi. Shuhrat Qayumov Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetlarini tamomlagan. Shuningdek, Germaniya va Yaponiyaning yetakchi oliygohlarida oʻqigan.
Endi barcha qurilish obyektlarini QR kod orqali kuzatish mumkin
Endilikda har bir qurilayotgan obyektning ko‘rinish joyiga buyurtmachi yoki quruvchi tomonidan ilib qo‘yilgan QR kod orqali qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lish mumkin. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Ta’kidlanishicha, 2024-yilda vazirlik huzuridagi Axborot kommunikatsiya-texnologiyalarini rivojlantirish Respublika markazi tomonidan bir qancha axborot tizimlari ishlab chiqilgan va takomillashtirilgan. Prezident topshirig‘iga asosan qurilish sohasidagi jarayonlarni samarali va shaffof boshqarish maqsadida yangi qurilishlarda davlat nazorati tizimi joriy etilgan. Muhim (https://nazorat.mc.uz/#home) yangiliklardan yana biri, har bir obyekt uchun QR kodli pasport joriy etilgan bo‘lib, ushbu kod orqali obyekt haqidagi barcha ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish mumkin. Bu respublikadagi barcha fuqarolar va jamoat nazorati vakillariga qurilish obyektlar holatini qulay tarzda kuzatish imkonini beradi. Buning uchun har bir qurilayotgan obyektning ko‘rinish joyiga buyurtmachi yoki quruvchi tomonidan QR kod ilib qo‘yiladi.
O‘zbekistonlik para taekvondochilar 9 ta medalga sazovor bo‘lishdi
Turkiyaning Antaliya shahrida para taekvondo bo‘yicha "Turkish Open" xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. G2 tasnifiga kiruvchi va Paralimpiya o‘yinlariga reyting ochkolari taqdim etuvchi ushbu musobaqada 27 ta mamlakatdan 180 nafar para taekvondochi ishtirok etdi. E’tiborlisi, ushbu musobaqada qatnashgan 12 taekvondochimizdan 9 nafari yakunda g‘olib va sovrindorlar safidan joy oldi.
“Xalqlar doʻstligi”da yana Sherali Jo'raev qo'shiqlari yangraydi
“Xalqlar doʻstligi” san’at saroyida Shohjahon Joʻrayevning konserti boʻlib oʻtadi. Unda Sherali Joʻrayev qoʻshiqlari ham ijro etiladi. Chipta narxlari: 200 000 — 450 000 soʻm atrofida qilib belgilangan. Konsertlar 11, 12, 13-aprel kunlari 19:00 da bo'lib o'tadi.



