2025-yil 13-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti
Qudrati yanada oshirilayotgan qurolli kuchlar, jamoat transportidan bepul foydalanuvchilarning ko‘payishi, poytaxtda o'tkazilgan otlar paradi, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan yangi baliq turi — kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Qurolli kuchlarining qudrati yanada oshiriladi
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida Qurolli Kuchlarning qudrati, O‘zbekistonning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yanada oshirish maqsad qilingan. Unga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bo‘linmalarini 2022—2026-yillar mobaynida zamonaviy qurol-aslaha, harbiy va maxsus texnika, boshqa zarur jihozlar va vositalar bilan ta’minlash, mavjud texnikalarni ta’mirlash va modernizatsiya qilish bo‘yicha kompleks dasturi”ning ijrosi yuzasidan 2025-yil uchun rejalashtirilgan tovar (ish, xizmat)larning xaridi amalga oshiriladi.
Jamoat transportidan bepul foydalanuvchilar ko‘payishi mumkin
SSV tashabbusi bilan ishlab chiqilgan qonun loyihasida “O‘zbekiston faxriy donori” ko‘krak nishoni uchun beriladigan bir martalik pul mukofotini oshirish taklif etilmoqda. Shuningdek, “faxriy donor”lar shahar jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, ularga sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish imkoniyati yaratiladi.
Poytaxtda otlar paradi bo‘lib o‘tdi
Poytaxtda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan otlar paradi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning asosiy mudofaa harbiy doktrinasi harbiy qudratni namoyish qilishni talab qilmaydi. Shu bois Toshkentda davlat rahbarlari va xorijiy davlatlardan kelgan mehmonlar ishtirokidagi harbiy paradlar o‘tkazilmaydi. Biroq, yiliga bir necha marta armiya va xalq o‘rtasidagi hissiy o‘zaro yaqinlikni ko‘rsatadigan rang-barang paradlarni ko‘rish mumkin.
Yangi baliq turi xalqaro miqyosda e’tirof etildi
Farg‘ona vodiysi suv havzalaridagi rang-barang baliqlar tur tarkibiga ko‘ra, o‘ziga xos bo‘lib, ayrim turlari Markaziy Osiyoning boshqa hududlarida uchramaydi. ayniqsa, vodiyning tog‘ daryolarida yashovchi Turkiston qumbalig‘i, Sirdaryo oqqayrog‘i, Kushakevich yalangbalig‘i ushbu mintaqaning noyob turlari sirasiga kiradi. So‘nggi yillarda Shohimardon daryosida Triplophysa sferganansis, So‘x daryosida Triplophysa daryoae kabi baliq turlarining kashf etilgani fikrimizning yorqin tasdig‘idir. Bu boradagi izlanishlarimiz natijasida esa 2024 yili Dzihunia pseudoamudarjensis turi kashf etilgan.



