Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 90 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +10° kechasi +10°

2025-yil 10-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

Britaniyada ishlash imkoniyati, BAAga borishi kutilayotgan Mirziyoyev, Yilning eng yaxshisi bo‘lishga nomzod o‘zbekistonlik bokschilar ishtirokidagi janglar, Nishon tumanida ishga tushirilgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi — kunning eng muhim xabarlari bilan tanishing.

2 daqiqa o‘qiladi

2025-yil 10-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

O‘zbekistonliklar Britaniyaga ishga jo‘natiladi

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan yangi mavsumda Britaniya qishloq xo‘jaligi sohasiga o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini jalb qilish maqsadida “Pro-Force Limited” va “HOPS Labour Solutions Ltd” rekruting agentliklari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan. Uchrashuvda joriy yil fevral oyida “Pro-Force Limited” agentligining Toshkentga tashrifini tashkil etish va 3 mingga yaqin saralangan nomzodlarni boshlab bosqichma-bosqich tarzda Buyuk Britaniyada ish bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Qayd etilishicha, “HOPS Labour Solutions Ltd” kompaniyasi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda 14-15 yanvar kunlari o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini uchun onlayn tarzda test sinovlarini tashkil etadi. Ish haqi soatiga 11,44£ (15$ atrofida) taklif etilmoqda. Bunda ish beruvchi haftasiga kamida 32 soat ishlashni kafolatlaydi. Bu oyiga 2000 dollarga yaqin maosh degani.

Mirziyoyev BAAga borishi kutilmoqda

Masdar agentligi O‘zbekiston Prezidenti Abu-Dabidagi "Barqaror rivojlanish haftaligi — 2025" sammitida ishtirok etishi kutilayotgnini ma’lum qildi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14—15-yanvar kunlari bo‘lib o‘tadigan Abu-Dabi Barqarorlik haftaligi (ADSW) 2025 sammitida ishtirok etadi. Ma’lumot uchun, bugun, 10 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatli mehnat ta’tilini yakunladi.

O‘zbekistonlik bokschilar ishtirokidagi janglar yilning eng yaxshilari bo‘lishga da’vogar

The Ring jurnali bir nechta nominatsiya bo‘yicha 2024 yilning eng yaxshilarini aniqlamoqda. So‘rovnomalardan o‘zbekistonlik professional bokschilar ishtirokidagi janglar ham o‘rin olgan. Yarimengil vazn toifasidagi Otabek Xolmatovning WBA kamari yo‘lida amerikalik Raymond Fordga qarshi o‘tkazgan bahsi yilning eng yaxshi raundi (12) va yilning eng yaxshi jangi nominatsiyasida nomzod sifatida kiritilgan. Shuningdek, super yarimo‘rta vazn toifasidagi vakilimiz Isroil Madrimovning mashhur Terens Kroufordga qarshi chempionlik himoya jangi yilning eng yaxshi oqshomi nominatsiyasiga kiritilgan.

Nishon tumanida yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi

Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Ushbu loyiha 2023 yilning ikkinchi yarmida Xitoyning “China Gezhouba Group Overseas Investment Co. LTD” kompaniyasi tomonidan boshlangan edi. O‘tgan vaqt davomida kompaniya quruvchilari tumanning Guliston mahallasi hududidan o‘zlari uchun ajratib berilgan 1000 gektardan ortiq adirlik bag‘rida yirik quyosh fotoelektr stansiyasini to‘liq qurib bitkazishdi.