Yakshanba, 25-oktabr, 2026
Havo 76 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +7° kechasi +6°

2024-yil 23-avgustning eng muhim voqealari dayjesti

Butunjahon pochta rivojlanishi reytingida yuqorilash, qoraqalpoq o‘tovining Ginnesga kiritilishi, Ukraina mustaqillik kuniga O‘zbekiston TIVdan qutlov, o‘z mablag‘iga bino qurgan tahririyat — kunning eng muhim xabarlari.

2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil 23-avgustning eng muhim voqealari dayjesti

O‘zbekiston “Butunjahon pochta rivojlanishi indeksi” reytingida 41 pog‘ona yuqoriladi

 “Butunjahon pochta rivojlanishi indeksi” reytingida O‘zbekiston 41 pog‘ona yuqorilab, 172 ta davlat ichida eng katta o‘sishni qayd etgan davlat sifatida e’tirof etilib, 74-o‘ringa ko‘tarildi. Bu haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi qonun ijrosi holatini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida ma’lum qilindi. 

Qoraqalpoq milliy o‘tovi Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi

 Nukus shahri hududidagi “Oq qush” majmuasida barpo etilgan dunyodagi eng katta diametrli qoraqalpoq xalqining milliy qora uyi (o‘tov) Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi. “Oq qush” majmuasida Ginnes rekordlar kitobi sertifikatining tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi. Marosimda prezident maslahatchisi ishtirok etgan. Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, davlat idoralari rahbarlari, mahalliy yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

 O‘zbekiston TIV Ukrainani Mustaqillik kuni bilan tabrikladi

 O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘zining Twitter’dagi sahifasida Ukrainani Mustaqillik kuni bilan tabrikladi. “Ukrainadagi barcha do‘stlarimizni Mustaqillik kuni bilan chin yurakdan tabriklaymiz!”, — deyiladi postda. Bunga javoban Ukraina Tashqi ishlar vazirligi: “Rahmat” deb yozib qoldirgan. Ma’lumot uchun, Ukraina bugun, 24-avgustda Mustaqillik kunini nishonlaydi.

 “Besharik tongi” tahririyati o‘z mablag‘lari hisobiga bino qurdi

Bunaqasi ilgari bo‘lmagan, deb yozadi UzA. Salkam bir asrlik tarixga ega “Besharik tongi” gazetasi tumanning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy taraqqiyoti solnomasi bo‘lib, bugun ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanish va o‘zgarishlar inson qadrini ulug‘lash, fuqarolar manfaatlariga xizmat qilayotganini targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Vaqt o‘tishi bilan gazeta tahririyati binosi ma’nan eskirib, foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Tuman hokimligining faol qo‘llab-quvvatlashi sababli gazetaning o‘z mablag‘i hisobiga tahririyat yangi binosi qurib bitkazildi. Zamonaviy binoning loyiha-smeta qiymati 704 mln. 485 ming so‘m bo‘lib, uni “Sherxon invest qurilish one” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari qisqa fursatda ko‘rkam va sifatli tarzda bunyod etishdi.