2024-yil 17-iyulning eng muhim voqealari dayjesti
Qirg‘iziston Prezidentining davlat tashrifi, milliy standart, sanoatlashgan bog‘lari, "Parij-2024"da O‘zbekiston nomidan chet elliklar— kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

"Parij-2024"da O‘zbekiston nomidan necha nafar xorijlik sportchi qatnashadi?
Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tkaziladigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini himoya qiladigan chet ellik sportchilar soni ma’lum qilindi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bu yilgi to‘rt yillikning eng muhim musobaqasida 8 nafar mahalliylashtirilgan sportchi O‘zbekiston bayrog‘i ostida «Parij-2024» bahslarida medallar uchun kurash olib boradi.
Zamonaviy beshkurashda Alise Faxrutdinova, velosportda Olga Zabelinskaya, akademik eshkak eshishda Anna Prakaten, erkin kurashda Razambek Jamalov va Javrail Shapiyev, yunon-rum kurashida Rustam Assakalov, suvga sakrashda Igor Myalin va suzish bahslarida Ilya Sibirsev.
Sanoatlashgan bog‘lari uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi orqali imtiyozli kreditlar ajratiladi
Prezident eksportni ko‘paytirish uchun yangi urug‘ navlarini o‘zimizda yaratishimiz kerakligini ta’kidladi.
Bu borada yangi tizim joriy qilinib, unga ko‘ra hokimliklar sanoatlashgan bog‘larni yaratish uchun buyurtma beradi, loyihalarini ishlab chiqib, tadbirkorlarga 30 yilga ijaraga beradi.
Sanoatlashgan bog‘larni yaratish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi orqali imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Mahalliy mahsulotlar uchun 520 ta milliy standart
Vazirlik, idoralar va hokimliklarning Kooperatsiya portalidagi ishtiroki yetarli emasligi qayd etildi. 63 mingta mahalliy korxonadan atigi 5 foizi mahsulotini portalga chiqarmoqda.
Mutasaddilarga yil yakuniga qadar barcha hududiy sanoat korxonalarini portalga to‘liq ulash topshirildi. Mahalliy mahsulotlar uchun 520 ta milliy standartni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Qirg‘iziston Prezidenti davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 18-19 iyul kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, ularda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.



