2024-yil 9-mart eng muhim voqealari dayjesti
Yosh sambochilarimizdan medallar shodasi, harbiy avlodlar uchrashuvi, Buxoroda 2023-yilda elektron xaritaga kiritilgan ko’chalar, O’zbekiston germaniyalik turistlar uchun qulay hudud — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

Yosh sambochilarning katta yutuqlari
Niderlandiyaning Dalfsen shahrida sambo bo’yicha “Dutch open” turnirida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Stepan Zyablov, Akmal Azimov, Ivan Zyablov, Shohrux Nasibullayev, Muhammadxon Nasimov, Ruslan Shakirov oltin medalga musharraf bo‘ldi. Yosh sambochilarimiz 6 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medaliga erishishdi.
Avlodlar uchrashuvi yuz berdi
Qo‘qon shahrida DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlarning birida uch harbiy oila ishtirokida avlodlar uchrashuvi tashkil etildi. Tadbir davomida yosh oilalar vakillari boy hayotiy tajribaga ega faxriylardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Turli intellektual-ko‘ngilochar o‘yinlar o‘tkazildi. Yakunda ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
60 mingdan ziyod ko’cha elektron xaritaga kiritilgan
Geografik obyektlarni davlat ro’yxatidan o’tkazish bo’yicha ishlar davomida 2023-yilda Buxoro viloyatida 544 ta mahalladagi 60 ming 178 ta ko‘cha elektron xaritalarda aks ettirilib, belgilangan tartibda toifalar (shoxko‘cha, ko‘cha, tor va berk ko‘cha)ga ajratib chiqildi.
O’zbekiston va Germaniya turizmda
Yaqinda Berlinda “ITB Berlin” xalqaro turizm yarmarkasi o‘tkazildi. Yarmarkada dunyoning 170 davlatidan 5 ming 500 kompaniya ishtirok etdi. Ahamiyatlisi, unda mamlakatimizning 30 dan ziyod sayyohlik kompaniya va firmalari yurtimiz turizm imkoniyatlarini namoyish etishga musharraf bo‘ldi. Ularning O‘zbekiston milliy stendidagi taqdimoti esa xorijliklarning qiziqishini orttirdi. O‘zbekiston germaniyaliklar uchun ajoyib sayyohlik maskani sanaladi. Qadimiy shaharlari, cho‘l va tog‘lardan iborat go‘zal tabiati, tansiq taomlari-yu mehmondo‘stlik sabab sayyohlar oqimi kengayib bormoqda.



