2024-yil 5-mart eng muhim voqealari dayjesti
100 million dollarlik moliyaviy bitim, yangi ekoqaror loyihasi, nogironligi bo’lgan shaxslar uchun yangi qulayliklar, sportning boks turi bo’yicha Bahodir Jalolov maktabi ochildi — kunning eng muhim xabarlari.
1 daqiqa o‘qiladi

100 mln. dollarlik moliyaviy bitim imzolandi
4-mart kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi ITFC o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida 100 mln. dollar miqdoridagi “Murabaha” moliyalashtirish bitimi va agentlik kelishuvi imzolandi.
Yangi ekoqaror loyihasi e’lon qilindi
Loyihaga ko‘ra, 2024-yil 1-iyulgacha farzand tug‘ilganligi to‘g‘risida guvohnoma olishda daraxt ekish uchun buyurtma berish bo‘yicha davlat xizmati va elektron platforma to‘laqonli yo‘lga qo‘yiladi. Bu degani, har bir yangi tug‘ilgan chaqaloq bilan birga bitta yangi ko‘chat o‘tqaziladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yangi qulaylik
2024-yil 1-maydan protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari xaridi uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablag‘lar miqdorini bozor konyunkturasidan kelib chiqib o‘rtacha 3 baravargacha, ayrim vositalarning turlari esa 10 baravargacha oshiriladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi alohida tibbiy xulosa rasmiylashtirmasdan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma asosida belgilanadi.
Bahodir Jalolov maktabi
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 14-martdagi qaroriga muvofiq, yana bir sport maskani – Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi tashkil etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni Toshkent shahrida barpo etilgan Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini borib ko‘rdi.



