2024-yil 13-mart eng muhim voqealari dayjesti
Xalqaro olimpiadada qo'lga kiritilgan 57 medal, ishni ortig'i bilan, to'g'rirog'i, 101,3 foizga bajargan soha, antidoping sohasida hamkorlik, kamayib ketayotgan hayvon tasviri, "Madaniyatli fuqarolar"ga madaniy tadbirlarga bepul chiptalar — kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

"Madaniyatli fuqarolar"ga madaniy tadbirlarga bepul chiptalar beriladi
Madaniyat vazirligi gaz va elektrdan qarzi yo‘q bo‘lgan va ma’muriy javobgarlikka tortilmagan "namunali fuqarolar"ga ko‘ngilochar tadbirlarga bepul chiptalar sovg‘a qilmoqchi.
Noyob jonzot tasviri olindi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga qarashli Nurota davlat qo‘riqxonasida o‘rnatilgan kameraga Qizilqum arxari muhrlandi. Qizilqum arxari zaif, qisqarib borayotgan, mozaik tarqalgan kenja tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi, TMXI Qizil ro‘yxati va CITESning II Ilovasiga kiritilgan. Ovlash taqiqlangan.
Antidoping sohasida hamkorlik
Butunjahon antidoping agentligining Shveysariyaning Lozanna shahrida “Bir missiya – bir jamoa” tamoyili ostida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi ko‘plab kelishuvlarga erishdi. Bulardan biri, rivojlangan antidoping tashkiloti hisoblangan Litva antidoping agentligi bilan hamkorlik memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Memorandumga asosan O‘zbekiston va Litva milliy antidoping agentliklari o‘rtasida tajriba almashish va malaka oshirish kurslarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
101,3 foizga bajarilgan reja
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan yanvar-fevral holati bo‘yicha 81 989 000 dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirilib, rejalashtirilgan ish 101,3 foizga bajarildi. Ikki oyda 7304 tonna mis, 4643 tonna rux metalli, 132 tonna molibden boshqa turdagi mahsulotlar xorijlik iste’molchilarga yuborildi.
Xalqaro olimpiadada 57 ta medal
Xalqaro gumanitar fanlar va rivojlanish universitetida Turkmaniston va xorijdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida IV Ochiq matematika olimpiadasi bo‘lib o‘tmoqda hamda unda O‘zbekiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Ispaniya, Xitoy, Bolgariya, Indoneziya va Turkmanistondan 500 nafardan ortiq talaba ishtirok etmoqda. Matematika bo‘yicha yurtimiz talabalari yakkalik va jamoaviy bosqichlarda jami 7 ta oltin, 15 ta kumush va 35 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Olimpiadada O‘zbekistonning 18 ta oliy o‘quv yurtidan 79 nafar talaba ishtirok etmoqda.



