2024-yil 27-fevralning eng muhim voqealari dayjesti
Noyob qushning suratini olishdi, ilk kun va jamoa hisobiga ilk medal, avtomobil importida o'sish, endi notarius huzurida navbat kutmaysiz— kunning eng muhim xabarlari.
2 daqiqa o‘qiladi

O'zbekistonda noyob qushni suratga olishga erishildi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi “Yuqori to‘palang” milliy tabiat bog‘i xodimlari yapaloqqushlar oilasiga mansub noyob qush - pungqushni suratga olishga erishishdi. Bu qushlar Pomir-Oloy tizmalari — Koʻhitang, Boysuntog‘, Hisor, Zarafshon, Turkiston va Gʻarbiy Tyan-Shan — Chotqol, Fargʻona, Pskem, Ugom tizmalarida yashaydi.
Ilk kun va birinchi medal
Filippinda suv sporti turlari boʻyicha yosh guruhlari oʻrtasida 11-Osiyo chempionati bo'lib o'tmoqda. Musobaqaning ilk kunida O'zbekiston terma jamoasi a'zosi Mixail Kleshko “A” guruhida 50 metrga chalqancha usulda suzish dasturida 26.18 soniya natija qayd etdi va ishtirokchilari orasida uchinchi natija boʻldi. Kleshko delegatsiyamizga ilk medalni taqdim qildi.
"GMmaniya" kamaydimi?!
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizga 2024-yilning yanvar oyida xorijdan qiymati 222,8 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan 10 237 dona yengil avtomobil import qilindi. Elektromobil importi esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,5 baravarga (389 dona, 13 mln dollarga) oshgan.
Endi notariusning yoniga bormasdan ishingizni hal qila olasiz
Buning uchun Sotuvchi E-notarius.uz axborot portalida “Notarial harakatni rasmiylashtirish”ni tanlaydi va oʼzining shaxsiga oid maʼlumotlarni kiritganidan so'ng birin-ketin quyidagi amallarni bajaradi:
-sotuvchi sotilayotgan avtomototransport vositasini tanlaydi va narxini kiritadi;
-sotuvchi sotib oluvchining JShShIRni, shaxsini tasdiqlovchi hujjat seriyasi va raqamini va telefon raqamini kiritadi;
-sotib oluvchining telefoniga SMS xabarnoma yuboriladi. Sotib oluvchi havolaga kirib Face-Id orqali verifikatsiyadan oʼtadi va roziligini tasdiqlaydi;
-avtomatik tarzda yoki ixtiyoriy notarius tanlanadi;
- notarius notarial harakatni rasmiylashtirishga qabul qilib, vaqtni belgilaydi va taraflarning mobil telefoniga SMS xabarnoma yuboriladi;
- belgilangan vaqtda notarius taraflar ishtirokida videokonferensaloqa orqali notarial harakatni rasmiylashtiradi;
Bitimning asl nusxalari taraflarga kuryerlik xizmati orqali yuboriladi.



