2024-yil 23-fevralning eng muhim voqealari dayjesti
“Chust pichogʻi” endi geografik nuqta bo'ldi, Toshkentda endi yuk mashinalari yurmaydi, Hindistondan g'alabalar, oltin,kumush va 3 bronza medali, senator ekkan ko'chatlar, endi “ijtimoiy reyestr”ga kiritishda shaffoflik ancha yaxshi ta'minlanadi — kunning eng muhim xabarlari.
3 daqiqa o‘qiladi

Endi “ijtimoiy reyestr”ga kiritishda yolg'on ishlata olishmaydi
Endilikda nafaqa oluvchilar ro‘yxatiga, birinchi navbatda, nogironligi bor, ota-onasi yo‘q, boquvchisini yo‘qotgan, kasalligi va boshqa sababga ko‘ra uzoq muddat ishlay olmaydigan oilalar kiritiladi. Boshqa fuqarolarni “ijtimoiy reyestr”ga kiritishda, ularning faqat daromadi emas, balki xarajatlari ham baholanadi.
“Ijtimoiy reyestr”ga kirishda faqat daromad emas, xarajatlar ham hisoblanishi esa mablag'larning aynan kerakli kimsalarga sarflanishini ta'minlaydi.
Senator ekkan ko'chatlar
Aslida, ko'chatni kim o'tqazganligining ahamiyati yo'q, lekin senatorlarning ham bu ishga befarq emasligi quvonarli holat.
Zararli tuz va changlarni Orol dengizining tubidan ko‘tarilishining oldini olish maqsadida bir qator topshiriqlar bergan edi. Shundan so‘ng hududga millionlab ko‘chatlar ekildi va hozir ham ushbu ishlar davom ettirilmoqda.
Ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev rahbarligida saksovul ekish ishlari boshlab yuborildi.
Bu yil Orol dengizi qurigan tubining jami 300 ming gektar maydonida yashil qoplamalar barpo qilish ishlari rejalashtirilgan.
Yosh karatechilarning yutuqlari
Ayni kunlarda BAAning Fujayra shahrida karatening WKF yoʻnalishi boʻyicha Yoshlar ligasi musobaqasi boʻlib oʻtmoqda.
Birinchi kunning o'zidayoq yosh karatechilarimiz 5 ta medal sohibi va sohibalariga aylanishdi.
Yosh karatechilarimiz kun davomida 1 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qoʻlga kiritishdi.
Oltin medal:
Mehriddin Toʻraxonov (kumite, -60 kg);
Kumush medal:
Samandar Urazaliyev (yakkalik kata)
Bronza medal:
Dilnoza Qaramatdinova (kumite, -50 kg)
Abdul Vahob Rashidov (kumite, -67 kg)
Islom Ismatullayev (kumite, +84 kg)
Hindistondan g'alabalar
Hindistonda o’tayotgan velotrek bo’yicha Osiyo chempionatida O’zbekiston terma jamoasi o’zining ilk medalini qo’lga kiritdi. Mazkur medal Nikita Svetkov hisobiga yozildi.
Hamyurtimiz erkaklar o’rtasida kechgan “elimination” dasturida kumush medal sohibiga aylandi.
“Chust pichogʻi” endi geografik ko'rsatkich bo'ldi
“Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik koʻrsatkich deb eʼtirof etilib, unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bogʻliq boʻladi.
Namangan viloyat adliya boshqarmasining koʻmagi bilan joriy yilning 22-fevral kuni barchaga maʼlum va mashhur “Chust pichogʻi” geografik koʻrsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Endi Toshkentda yuk mashinalari yurmaydimi?!
2024 yil 1 martdan boshlab Toshkent shahrida yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi.
Ushbu cheklovlar maxsus xizmat, shu jumladan, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yuk transporti vositalariga tatbiq etilmaydi.



