$
 12933.16
-14.94
 14719.23
23.14
 158.28
1.35
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

2024-yil 5-dekabrning eng muhim voqealari dayjesti

5.12.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati “Ozodlik, tenglik, birodarlik” xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Fransiya Respublikasining “Ozodlik, tenglik, birodarlik xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda Fransiya Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy maslahat komissiyasi xabar berdi.

“2002-yilda tashkil etilgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yagona mustaqil inson huquqlari tashkilotidir. Mukofotlangan loyiha O‘zbekistondagi tinch aholi o‘rtasida Rossiyada istiqomat qilayotgan o‘zbek ishchilari va mahbuslarining Rossiya armiyasiga majburiy jalb etilishi haqida xabardorlikni oshiradi”, — deyiladi komissiya xabarida.

Ushbu mukofotning maqsadi butun dunyoda inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilishda fuqarolik jamiyatining asosiy rolini tan olishdir.

Mazkur mukofot dunyoning 5 nafar fuqarolik jamiyati tashkilotiga beriladi. Taqdimot marosimi shu yilning 10-dekabr – Inson huquqlari kunida Parijda o‘tkaziladi. Mukofot Fransiya Respublikasi Bosh vaziri tomonidan “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovga topshiriladi.

IJQKD dorilar xaridi qonuniyligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi

“Tibbiyot muassasalarini farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

2025-yil 1-yanvardan belgilangan tartib va ro‘yxatga asosan quyidagi dori vositalari va tibbiy buyumlarning davlat xaridini to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirishga ruxsat etiladi:

 original dori vositalari (ularning ishlab chiqaruvchisi yoki rasmiy yetkazib beruvchisi orqali);

 yopiq turdagi laboratoriya uskunasi uchun maxsus reagent, reaktiv va sarflov vositalari;

 shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar.

O‘zmedimpeks va “Tibbiyot texnikalariga xizmat ko‘rsatish o‘quv-ishlab chiqarish markazi” davlat muassasalari negizida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Xaridlar markazi hamda Markazning 13 ta hududiy filiali tashkil etiladi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti sog‘liqni saqlash tizimida dori vositalari va tibbiy buyumlar xaridining qonuniyligi va maqsadliligini ta’minlash, ularning manzilli yetkazilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi.

Samarqandda atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha xalqaro konferensiya boshlandi

Samarqandda “Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishi uchun atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish istiqbollari: xalqaro va milliy tajriba” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi. Tadbirning ochilish marosimida Sherzod Asadov prezidentning anjuman ishtirokchilariga murojaatini o‘qib eshittirdi.

“Yurtimiz jahonda birinchilardan bo‘lib, xalqaro talab va standartlarga muvofiq, kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini barpo etishga kirishdi. Biz ushbu loyihalarni, bundan tashqari, sog‘liqni saqlash va qator ilmiy dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda XAEAni o‘zimiz uchun muhim sherik deb bilamiz”, dedi prezident.

Davlat rahbarining qayd etishicha, mamlakatni ishonchli, xavfsiz, iqtisodiy samarador va ekologik toza energiya manbalari bilan ta’minlash – Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida yetakchi o‘rin egallab kelmoqda.

Sohaning huquqiy-institutsional asosini mustahkamlash uchun Milliy agentlik tashkil etildi, Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish haqidagi qonun, Atom energiyasini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli konsepsiya, kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan strategiya qabul qilindi. Soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimi joriy etildi.

“O‘zkimyosanoat”ga yangi rahbar tayinlandi

Odil Temirov “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda korxona matbuot xizmati xabar berdi.

Tayinlovga qadar u 2023-yil iyulidan buyon “O‘zbekneftegaz” AJ boshqaruvi raisining qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. Undan avval “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruv raisining ishlab chiqarish, mahalliylashtirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va axborot texnologiyalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.