$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 3-dekabrning eng muhim voqealari dayjesti

3.12.

Oʻzbekiston TIV va BAA elchisi Amirlikka kirish bilan bogʻliq muammolarni hal etish boʻyicha kelishib oldilar

Tashqi ishlar vazirligida Birlashgan Arab Amirliklari elchisi qabul qilindi

Tomonlar soʻnggi kunlarda Oʻzbekiston fuqarolarining Birlashgan Arab Amirliklari hududiga kirishlarida kuzatilayotgan qiyinchiliklar bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha fikr almashdi.

2024-yil 2-dekabr kuni tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Baxromjon Aʼloyev Birlashgan Arab Amirliklarining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchisi Said Matar al-Qamziyni qabul qildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, tomonlar soʻnggi kunlarda Oʻzbekiston fuqarolarining Birlashgan Arab Amirliklari hududiga kirishlarida kuzatilayotgan qiyinchiliklar bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha fikr almashdi.

Mavjud holatni imkon qadar qisqa muddatlarda hal qilish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrishga kelishib olindi.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga o‘sdi

Joriy yilning 10 oyida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga o‘sib, 9,7 milliard dollarni tashkil etdi

Sarmoyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov kecha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha ishchi guruhining 3-yig‘ilishida onlayn tarzda ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida savdo, sanoat, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarida amaldagi kelishuvlarning ijro etilishining bugungi holati atroflicha ko‘rib chiqilib, amalga oshirish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilab olindi.

Xususan, joriy yilning 10 oyida ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga o‘sib, 9,7 milliard dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilardan yetkazib berilayotgan mahsulotlar ro‘yxati 68 ta yangi pozitsiyaga ko‘paydi.

Tomonlar asosiy maqsadi ikki mamlakatning o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini 30 milliard dollarga yetkazish bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya o‘rtasidagi 2024-2030-yillarga mo‘ljallangan tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasini amalga oshirilishini atroflicha ko‘rib chiqdilar. Shu o‘rinda kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish, jumladan, sanoat ishlab chiqarishi, transport va agrosanoat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Buxorodagi tarixiy obidalar atrofida motosikl, skuter va boshqa avtotransportlarda yurish taqiqlandi

Cheklovlar ushbu transport turi sayyohlar va mahalliy aholi xavfsizligiga tahdid solayotgani bilan bog‘liq.

Buxoro shahrining tarixiy qismida transport vositalarining harakatlanishi cheklanmoqda. Bu haqda ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, mazkur joylarga yo‘l harakat xavfsizlik boshqarmasi tomonidan ogohlantiruvchi yo‘l belgilari o‘rnatilmoqda. Endilikda, bu kabi transport vositalarida harakatni taqiqlovchi yo‘l belgilari bor joyda harakatlanish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Avtomobillarning mazkur hududda harakatlanishiga avtomobillarning qatnovi tarixiy merosga zarar yetkazishi, qolaversa, bu hududda harakatlanayotgan ko‘plab sayyohlar va mahalliy aholi vakillariga xavf tug‘dirishi mumkinligi sabab qilib ko‘rsatilgan.

IUCN’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rasman o‘z ishini boshladi

Ar-Riyod shahrida O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi ko‘magida bo‘lib o‘tayotgan COP16 konferensiyasi doirasida mezbon davlat shartnomasini imzolash va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining (IUCN) Toshkent shahrida vakolatxonasini tashkil etish marosimi bo‘lib o‘tdi. Hujjatni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va IUCN bosh direktori Gretel Agilar imzoladi.

“IUCN bilan hamkorligimiz qo‘shma loyiha va tadbirlar orqali rivojlanib borayotganidan mamnunmiz. Toshkentda ofisning tashkil etilishi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonaman, — dedi O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. — Ekologik muammolar chegara bilmaydi, bu esa kuchlarni birlashtirish va transchegaraviy hamkorlik muhim ekanligini anglatadi. IUCN'ning Toshkentdagi vakolatxonasi nafaqat O‘zbekistonga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasiga xizmat qilib, tabiatni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasida mintaqaviy hamkorlikni”.

Bitim IUCNning O‘zbekistondagi faoliyati uchun huquqiy asos bo‘lib, uzoq yillik hamkorlikdagi muhim bosqichni belgilab beradi. Respublika Ittifoqqa 2021 yilda a’zo bo‘ldi. Hujjat davlat organlari bilan yanada samarali hamkorlikni ta’minlaydi hamda IUCN'ning O‘zbekiston va mintaqani tizimli va samarali rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini qo‘llab-quvvatlaydi.