$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 12-dekabrning eng muhim voqealari dayjesti

12.12.

O‘zbekiston va Polsha avtomobilsozlikda yangi loyihalarni muhokama qilyapti

Polsha delegatsiyasi Qarshi shahrida o‘tkazilgan Kashkadarya invest-2024 xalqaro biznes-forumida ishtirok etdi. Unda O‘zbekistonda tog‘-kon, geologiya, avtomobilsozlik va mashinasozlik sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatini muhokama qildi.

Biznes delegatsiya safar davomida O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari hokimligi, Savdo-sanoat palatasi, "O‘zeltexsanoat" uyushmasi, "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJ, "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" AJ, "O‘zbekko‘mir" AJ, Navoiyuran DK, Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik uyushmasi (EUROUZ), "O‘zavtosanoat" AJ va uning tizimidagi UzAuto Motors, UzAuto Motors Powertrain, Tashkent Tractor Plant, Nurafshon-Maxsus-Texnika, SamAuto, MAN Auto-Uzbekistan vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tomonlar kelgusidagi hamkorlikda innovatsion texnologiyalarni tatbiq qilish va ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiyalash qilish masalalari xususida fikr almashdilar. 

Shuningdek, O‘zbekistonning tog‘-kon, geologiya, avtomobilsozlik va mashinasozlik sanoati salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. 

Yangi yil arafasida Toshkentda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etiladi

Yangi yil bayramini boy dasturxon atrofida va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish uchun Toshkent shahridagi bir qator dehqon bozorlarda arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkalari tashkil etiladi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar matbuot xizmati.

Yarmarkalar quyidagi bozorlarda o‘tkazilmoqda: “Aviasozlar”, “Askiya”, “Chilonzor”, “Mirobod”, “Navro‘z”, “Oloy”, “Sergeli”, “Farxod”, “Eski Juva”, “Yunusobod”, “Quylik” va “Qora qamish” dehqon bozorlari.

Abdulaziz Komilov Turkmanistonning “Hurmatli el yoshullisi” unvoni bilan taqdirlandi

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari va tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakil Abdulaziz Komilovni Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va strategik hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun “Hurmatli el yoshullisi” (“Hormatly il ýaşulysy”) unvoni bilan taqdirladi.

Mazkur unvon Abdulaziz Komilovning ikki birodar xalq o‘rtasidagi uzoq muddatli va ko‘p qirrali siyosiy, iqtisodiy, madaniy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida olib borgan samarali faoliyati, shuningdek, yosh avlodni tarbiyalash va milliy an’analarni rivojlantirishdagi xizmatlarini e’tirof etish sifatida berildi.

​​Samarqand shahriga elektrobuslarning navbatdagi partiyasi olib kelindi

Samarqand O‘zbekistonda YeTTBning “Yashil shaharlar” dasturiga qo‘shilgan birinchi shahardir. Loyiha doirasida Samarqand shahar jamoat transporti yo‘nalishlarida elektrobuslar harakati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

Bugungi kunga qadar shaharga 36 ta elektrobus olib kelinib, yo‘lovchilar xizmatiga chiqarildi. Mazkur elektrobuslar M1-sonli “Temiryo‘l vokzali – Samarqand xalqaro aeroporti”, M2-sonli “Vatanparvar mahallasi – Samarqand tuman shifoxonasi”, M4-sonli “Temiryo‘l ABB – Siyob ABB” va M5-sonli “Temiryo‘l ABB – Temiryo‘l ABB (halqa yo‘nalish)” shahar avtobus yo‘nalishlarida aholiga transport xizmatini ko‘rsatib kelmoqda. 

Mazkur loyiha doirasida Samarqand shahriga yana 15 ta elektrobus quvvatlash qurilmalari bilan olib kelindi. Yil yakuniga qadar elektrobuslarning umumiy sonini 100 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Теги :
Iqtisodiyot