$
 12869.90
-4.96
 13496.66
-28.38
 124.94
1.88
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbek pomidori inqiroz yoqasida

Dehqon pomidor

O‘zbekiston issiqxona pomidorlarini sotishda katta muammolarga duch kelayotgan bir pallada Rossiya tomoni mamlakatdan yuborilgan 18,5 tonna pomidor mahsulotlariga egasi tomonidan zararsizlantirilishi, yo‘q qilinishi yoki O‘zbekistonga qaytarilishi talabini qo‘ydi.

18,5 tonna pomidor qaytarildi

Rossiya veterinar va fitosanitariya nazorat federal xizmati mintaqalararo boshqarmasi Nijniy Novgorod viloyatiga O‘zbekistondan yuborilgan 18,5 tonna pomidor partiyasini olib kirishga ruxsat bermadi. Nazorat idorasi ushbu taqiqqa asos o‘laroq pomidorlar jigarrang bujmayish virusi (ToBRFV) bilan kasallanganini ko‘rsatgan. Bu hol laboratoriya tekshiruvida aniqlangani aytilgan.

Rosselxoznadzor talabi

Rossiya veterinar va fitosanitariya nazorat federal xizmati kasallangan mahsulotlar egasi tomonidan zararsizlantirilishi, yo‘q qilinishi yoki O‘zbekistonga qaytarilishi talabini qo‘ygan. ToBRFV virusi barglarda mozaika va deformatsiyaga, mevalarda jigarrang ajinlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Virus yuqqan sabzavotlar yaroqsiz holga keladi. 

Muammolar ortmoqda

Bu ham yetmaganiga “EastFruit” tahlilchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, Turkmaniston va O‘zbekiston issiqxona sabzavotlarini sotishda katta muammolarga duch kelmoqda. Unga ko‘ra, hozirda eng katta muammo issiqxona pomidorlarini sotish bilan bog‘liq bo‘lib, asosiy sabab — rossiyalik xaridorlarning to‘lov qobiliyatining pasayishi hisoblanadi. 

Turkmanistonda ham kichik inqiroz

Hozirgi kunda Turkmaniston issiqxonachilari o‘z mahsulotlarini hatto 1 kg uchun $1 narxda ham sotishda katta muammolar haqida xabar berishgan. Real narxlar allaqachon ushbu psixologik chegaradan past. Ular Rossiya bozorida o‘z mahsulotlariga bo‘lgan talabning keskin pasayib ketganidan shikoyat qilishmoqda, bu esa narxlarga doimiy bosim o‘tkazmoqda.

O‘zbekistondagi muammolar sababi nima?

O‘zbekistonda pomidor odatdagidan arzon. Narxlar o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 32%ga past. Bundan tashqari, O‘zbekistonda issiqxona pomidorining ulgurji narxi AQSh dollarida taqqoslansa, so‘nggi besh yil ichida eng past narxlardan biri hisoblanadi. Ayni paytda qizil dumaloq issiqxona pomidorini O‘zbekistonda mayda ulgurji tarzda har bir kilo uchun $1,17 dan sotib olish mumkin. O‘zbekiston hozircha o‘z bozorida sotiladiganidan yuqori sifatli mahsulotlarni eksport qilishni afzal ko‘rgani sababli, eksport narxi ichki narxdan yuqori bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonlik eksportchilarning ta’kidlashicha, rublning qadrsizlanishi va Rossiya moliya bozoridagi umumiy beqarorlik ushbu mamlakatga issiqxona mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlarining yomonlashishiga olib kelmoqda.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot