$
 11975.36
-98.06
 14020.75
-113.6
 162.91
-1.56
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonning ayrim hududlarida plastik idishlar taqiqlanmoqda

Plastik

14-may kuni qabul qilingan qonun hujjatiga muvofiq, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va energiya samaradorligini oshirish maqsadida kurort va rekreatsiya zonalarida bir qator taqiqlar o‘rnatilmoqda. Asosiy maqsad — uzoq muddat davomida chirimaydigan materiallarning tabiatga yetkazadigan zararining oldini olishdir.

Tabiatni “asrlar davomida chirimaydigan” yukdan xalos etish

Yangi qonun normalariga ko‘ra, belgilangan ekologik toza hududlarda iste’mol xususiyatini yo‘qotganidan keyin tabiatda o‘nlab, hatto yuzlab yillar davomida parchalanmaydigan materiallardan tayyorlangan mahsulotlarga nisbatan qat’iy cheklovlar o‘rnatiladi. Xususan, tabiiy organik polimerlardan tayyorlangan buyumlar mustasno bo‘lgan holda, plastik mahsulotlarni ishlab chiqarish, yetkazib berish va sotish taqiqlanadi.

Bu chora-tadbirlar nafaqat chiqindilarni kamaytirish, balki kurort hududlarining tabiiy qiyofasini saqlab qolishga xizmat qiladi. Taqiqqa tushadigan plastik mahsulotlarning aniq ro‘yxati yaqin vaqt ichida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda.

“Ekologik toza hudud” o‘zi nima?

Qonun hujjatlarida ushbu hududlarga aniq ta’rif berildi. Unga ko‘ra, ekologik toza hududlar — kurort va rekreatsiya zonalarida joylashgan, atrof-muhitga ta’siri ruxsat etilgan me’yorlardan oshmaydigan hamda energiya samaradorligi yuqori infratuzilmaga ega maskanlardir. Bunday hududlarning asosiy mezonlari sifatida quyidagilar belgilandi:

  • Chiqindilarni boshqarishning samarali tizimi;
  • Yuqori darajadagi bioxilma-xillik va ekoturizm salohiyati;
  • Energiya tejovchi texnologiyalarning mavjudligi.

Muhim jihati shundaki, ekologik toza hudud maqomi berilishi mazkur maskanlarning amaldagi huquqiy maqomini (masalan, kurort yoki rekreatsiya zonasi ekanligini) o‘zgartirmaydi, balki unga qo‘shimcha himoya qatlamini qo‘shadi.

Sanoat va xo‘jalik faoliyatiga nisbatan qat’iy talablar

Yangi tartibga ko‘ra, ekologik toza hududlarda tabiatning barqarorligiga putur yetkazuvchi har qanday faoliyat cheklanadi. Xususan, quyidagi ishlar qat’iyan man etiladi:

  1. Tabiiy landshaft ko‘rinishini o‘zgartirish va yer osti suvlarining gidrogeologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan harakatlar.
  2. Sanoat obyektlarini qurish va ularning faoliyatini yuritish.
  3. Davlat ekologik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, tabiat majmualariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa har qanday faoliyat turlari.

Bundan tashqari, mazkur hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari, ayniqsa, avtomobil yuvish shoxobchalari va oqova suv hosil qiluvchi boshqa korxonalar zimmasiga qat’iy majburiyatlar yuklanmoqda. Ular zamonaviy tozalash inshootlari bilan jihozlanishi, aylanma suv ta’minoti tizimini joriy etishi yoki oqova suvlarni markazlashgan tarmoqlarga chiqarish bo‘yicha muqobil inshootlar qurishi shart.

Теги :
Jamiyat