$
 12210.71
15.21
 14036.21
-13.01
 150.36
0.65
weather
+26
Кечаси   +14°

Chaqaloqlar salomatligiga tahdid: Plastikdan keladigan xavfni bilasizmi?

Plastik

Olimlar aniqlashicha, 2018-yildan buyon dunyo bo‘ylab deyarli 2 million erta tug‘ilish va taxminan 74 000 yangi tug‘ilgan chaqaloqning o‘limi plastmassani ishlab chiqarishda ishlatiladigan ikki kimyoviy modda bilan bog‘liq bo‘lgan. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ftalatlar guruhiga kiruvchi DEHP (Di-2-etilgeksilftalat) va DiNP (diizononilftalat) moddalari bunday holatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Ftalatlar — sintetik kimyoviy moddalar bo‘lib, inson tanasidagi endokrin tizimiga ta’sir qiladi. Milliy Atrof-muhit salomatligi fanlari instituti ma’lumotlariga ko‘ra, ftalatlar rivojlanish, reproduktiv salomatlik, miya faoliyati va immun tizimi bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin. Hatto kichik gormonal buzilishlar ham jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining ma’lumotlariga ko‘ra, erta tug‘ilgan chaqaloqlarda quyidagi muammolar paydo bo‘lishi mumkin:

·      Nafas olish qiyinlashishi;

·      Ovqatlanish muammolari;

·      Serebral falaj;

·      Rivojlanish kechikishi;

·      Ko‘rish va eshitish bilan bog‘liq asoratlar.

Tadqiqotning bosh muallifi, NYU Langone Tibbiyot maktabi pediatriya professori doktor Jim G. Trasande shunday dedi: “Ushbu ma’lumotlar plastmassalar bo‘yicha xalqaro shartnoma tuzish zarurligini tasdiqlaydi. Bu shartnoma plastmalarda qo‘llaniladigan xavfli kimyoviy moddalarni cheklashga yordam berishi kerak.”

Ftalatlar qayerda uchraydi?

Ftalatlar ko‘plab iste’mol tovarlarida ishlatiladi, jumladan bolalar o‘yinchoqlari, oziq-ovqat idishlari, pol qoplamalari, dush pardalari, tibbiy asbob-uskunalar, shaxsiy parvarish vositalari, atirlar, shampunlar, losonlar va oziq-ovqat o‘ramlarida. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ftalatlar quyidagi muammolarga olib kelishi mumkin:

·      O‘g‘il bolalarda jinsiy a’zolar nuqsonlari, masalan, moyaklar tushmasligi yoki siydik yo‘lining noto‘g‘ri joylashishi;

·      Bolalarda semizlik, astma, yurak-qon tomir kasalliklari va hatto saraton xavfi;

·      Kattalarda spermatozoidlar soni kamayishi va testosteron pasayishi natijasida farzand ko‘rish qiyinlashishi.

2021-yilda AQShda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ftalatlar 55–64 yosh oralig‘idagi aholi orasida har yili 91 000 dan 107 000 gacha o‘lim holatlariga sabab bo‘lishi mumkinligi aniqlangan.

Chaqaloqlarga qanday ta’sir ko’rsatadi?

Bu kimyoviy moddalar muddatidan oldin tug‘ilish va chaqaloqlar o‘limiga qanday ta’sir qilishi mumkin? Olimlar hali ko‘p tadqiqotlar o‘tkazilishi kerakligini ta’kidlaydi, lekin ayrim taxminlar mavjud. Ulardan biri — bu moddalar yo‘ldosh (platsenta) faoliyatini buzishi mumkin. Platsenta ona va bola o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi organ bo‘lib, uning yetishmovchiligi homilaga salbiy ta’sir qiladi. Mutaxassis Jeyn Munkning aytishicha, muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlar ko‘proq plastmassa bilan aloqada bo‘ladi, chunki kasalxonalarda, ayniqsa yangi tug‘ilgan chaqaloqlar bo‘limida ko‘plab plastik quvurlar ishlatiladi. Uning fikricha, bu xavfsizroq materiallar yaratish zarurligini ko‘rsatadi. Ayniqsa tibbiyotda ishlatiladigan materiallar xavfsiz bo‘lishi kerak va bu masalaga siyosatchilar ham, tadbirkorlar ham jiddiy e’tibor qaratishi lozim. Yo‘ldosh “platsenta” bachadon devoriga yopishib, rivojlanayotgan homilaga kislorod, ozuqa va immun himoya yetkazib beradi. Mutaxassislarning aytishicha, agar u to‘liq rivojlanmasa yoki to‘g‘ri ishlamasa, ya’ni “platsenta yetishmovchiligi” yuzaga kelsa, bu ko‘pincha muddatidan oldin tug‘ilishning asosiy sababi hisoblanadi.

2018-yilda o‘tkazilgan tadqiqot DEHP va DiNP moddalari dunyo bo‘yicha 200 mamlakat va hududda qanday ta’sir qilishini o‘rgangan. Ma’lumotlar Kanada, Yevropa va AQShdagi yirik tadqiqotlardan olingan, boshqa hududlar esa ilgari o‘tkazilgan tadqiqotlar asosida baholangan. Natijalarga ko‘ra, eng katta xavf Afrika, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyoda kuzatilgan, bu hududlarda plastik sanoati tez rivojlanmoqda va chiqindilar darajasi yuqori.

Zebuniso Abdusalimzoda,

UZ24.uz uchun tayyorladi.

Теги :
Jamiyat