$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Nega Angliyada odamlar pishloq ortidan yuguradi? 190 yillik sirli an’ana

sir

“Siz bir bo‘lak pishloq uchun hayotini xavf ostiga qo‘yadigan odamlar haqida eshitganmisiz?” Angliyada har yili aynan shunday voqea sodir bo‘ladi. Deyarli jarlikni eslatadigan tepalikdan odamlar pishloq uchun o’zlarini qiyalikdan pastga otishadi. Kimdir dumalab, jarohat olib, yarim yo‘lda qolib ketadi, yana kimdir jarohat bilan marraga yetadi. Pastda esa tez yordam mashinalari allaqachon saf tortib turgan bo‘ladi. Eng g‘alati tomoni – bularning barchasi atigi bir bo‘lak pishloq uchun qilinadi. Gloucestershiredagi Cooper’s Hill pishloq poygasi tashqaridan qaraganda ommaviy telbalikka o‘xshaydi. Ammo asrlar davomida saqlanib qolgan bu an’ana ortida tarix va o‘ziga hos afsonalar odamlarni o‘ziga tortib turadi.

Bu an’ana qanday paydo bo‘lgan?

Ushbu noodatiy musobaqaning tarixiga nazar tashlasak, ilk yozma manba 1836-yilning 9-iyunida chop etilgan “Berrow’s Worcester Journal” gazetasida qayd etilgan. Oradan ikki kun o‘tgach, xuddi shu xabar “Gloucestershire Chronicle” gazetasida va shahar jarchilari e’lonlarida ham paydo bo‘lgan. O‘sha davrdagi bayram dasturida qopda sakrash, kurash tushish va an’anaviy raqslar bilan bir qatorda, ikki dona pishloq sovrini uchun yugurish musobaqasi ham aniq ko‘rsatilgan edi. Bu esa pishloq poygasi dastlab bugungidek ekstremal tomosha bo‘lmaganini, aksincha qishloq aholisining yozgi xalq sayillaridagi noodatiy o‘yinlardan biri sifatida shakllanganini ko‘rsatadi.

An’ananing kelib chiqishi haqida tarixchilar bir nechta nazariyani ilgari suradi. Birinchi faraz qadimgi butparastlik marosimlari bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, yozgi tengkunlik davrida tepalikdan yonayotgan yog‘och g‘ildiraklar dumalatilib, bu orqali tabiatning yangilanishi va kelgusi hosilning barakali bo‘lishi ramziy tarzda ifodalangan. Keyinchalik esa olovli g‘ildirak o‘rnini quyosh timsoli sifatida pishloq egallagan. Ikkinchi nazariya o‘rta asrlardagi Angliyaga borib taqaladi. O‘sha davrda zodagonlar yaylovlarni o‘rab olib, ularni shaxsiy mulkka aylantirishga urinayotgan paytda mahalliy dehqonlar har yili Cooper’s Hillda yig‘ilib, ushbu o‘yinni o‘tkazish orqali bu yer jamoatniki ekanini ramziy ma’noda eslatib turishgan. Mazkur musobaqa tarixini tadqiq qilgan Jean Jefferies esa o‘zining “Cheese Rolling in Gloucestershire” kitobida yana bir nazariyani ilgari suradi. Uning ta’kidlashicha, qadimgi rimliklar turli buyumlarni tepalikdan dumalatish bilan bog‘liq marosimlarga ega bo‘lgan. Tepalik etagida qadimgi Rim villasi qoldiqlari topilgani ham bu farazni bilvosita isbotlaydi.

Qanday qilib oddiy o‘yin dunyo e’tiboriga tushdi?

Kichik qishloq festivalining global miqyosda mashhur bo‘lishiga aynan Jean Jefferies katta hissa qo‘shgan. U 2000-yillarning boshida musobaqaning ilk maxsus veb-saytini yaratgan va aynan shu platforma orqali Cooper’s Hill haqidagi videolar, suratlar va hikoyalar butun dunyoga tarqalgan. Natijada musobaqaga xorijlik ishtirokchilar, turistlar va ijtimoiy tarmoq blogerlari oqimi boshlandi. Yozilgan sharhlardan birida poyga “qo‘rqinchli qiyalikda pishloq ortidan yugurish bilan yakunlanadigan xavfli jasorat o‘yini” sifatida ta’riflangan. O‘sha davrdagi guvohlar esa musobaqa pishlog‘ini “Fir’avn yuragidek qattiq” deb atashgan. Sababi, balandlikdan katta tezlikda dumalayotgan pishloq odamga urilsa, unga jarohat yetkazishi mumkin.

Urushlar ham to‘xtata olmagan an’ana

Cooper’s Hill an’anasining eng hayratlanarli jihati – uning har qanday sharoitda ham saqlanib qolganidir. Bu o‘yin hatto Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari davridagi qat’iy oziq-ovqat cheklovlari vaqtida ham to‘xtab qolmagan. Urush yillarida oziq-ovqat taqchilligi sababli haqiqiy pishloqni ishlatish taqiqlangan va uning o‘rniga temir bilan mustahkamlangan yog‘och andozalar qo‘llanilgan. Bugungi kunda ham Cooper’s Hill qiyaligida o‘tkaziladigan poygalar tibbiy ogohlantirishlar va rasmiy cheklovlarga qaramay davom etmoqda. Hatto tadbirning eng mashhur tadqiqotchilaridan biri Jean Jefferies potensial ishtirokchilarga qisqacha qilib: “Buni qilmang, bu juda xavfli”, deya ogohlantiradi. Ammo shunga qaramay, odamlar har yili yana shu tepalikka qaytadi. Har yili o‘nlab odamlar yiqilib jarohat oladi, ayrimlar hatto hushini yo‘qotadi. Shunga qaramay, minglab tomoshabinlar bu musobaqani ko‘rish uchun tepalik atrofida to‘planadi, yuzlab ishtirokchilar esa yana pishloq ortidan yugurishga tayyor turadi. Eng qizig‘i, bu xavfli poygada deyarli hech qanday katta mukofot yo‘q. G‘olib faqat 3–4 kilogrammlik pishloq g‘ildiragini qo‘lga kiritadi. Ammo Cooper’s Hill uchun keladiganlar uchun masala pishloqda emas. Bu musobaqa ko‘proq adrenalinni his qilish, o‘zini sinab ko‘rish va asrlar davomida yashab kelayotgan g‘alati an’ananing bir qismiga aylanish istagi bilan bog‘liq.

Теги :
Jamiyat