$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Hazil — tagi zil: O‘zbek futboli yana "dunyo nigohida"

Andijon

Kuni kecha mahalliy chempionatimizda yuz bergan qiziqarli voqea butun dunyo OAVda kulgiga sabab bo‘ldi. Vaziyat aslida qanday sodir bo‘lgandi? 

O‘zbek futboli va dunyo OAVsi

Bilasiz, O‘zbek futboli va futbolchilari har doim ham dunyo OAVlarining e’tibor markazida bo‘lavermaydi. Vaqti kelsa, o‘zimizning sportga ixtisoslashmagan nashrlarimiz ham uncha-munchaga mahalliy futbolga nazar tashlayverishmaydi. Oxirgi marotaba, adashmasam, Jaloliddin Masharipovning Meksika terma jamoasi o‘yinchilarini driblinglari orqali "ustidan kulib tashlagani" va O‘zbekiston U20 terma jamoasining Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionatida angliyalik tengqurlarini pley-off bosqichida musobaqadan chiqarib yuborgani orqali jahon OAV nigohiga tushgan edik. Undan keyin esa, asosiy terma jamoaning penaltilar seriyasidagi mag‘lubiyati, ayollar terma jamoasining Avstraliyaga 0:10 hisobidagi mag‘lubiyati hamda hali sovib ulgurmagan O‘zbekiston U20 ayollar jamoasining yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo Kubogida janubiy koreyalik tengqurlariga 0:13 hisobidagi mag‘lubiyati sabab mahalliy OAV nigohi biroz bo‘lsa-da futbolga qaratildi. 

Qora piar

Kuni kecha mahalliy chempionatimizda yuz bergan qiziqarli voqea butun dunyo OAVda kulgiga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston chempionatining 2-turida "Andijon" o‘z maydonida "Bunyodkor"ni qabul qilib, 5 ta gol urdi va o‘z tarixida ilk bor "qaldirg‘ochlar" ustidan g‘alaba qozonishga erishdi. Qiziqarlisi, o‘yinning 35-daqiqasida Usmonali Ismonaliyev sobiq jamoadoshi Muhammadkarim Toirovga qilgan qo‘pol hazili uchun maydondan chetlatildi va toshkentliklarni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Videodan ko‘rish mumkinki, futbolchi hazil tariqasida raqib o‘yinchisining ko‘krak qisimga oyog‘i orqali "yumshoq zarba" bergan. (video) Ma’lumot uchun, Usmonali Ismonaliyev Muhammadkarim Toirov bilan 2021-yil "Andijon" tarkibida birga to‘p tepishgan. Ushbu harakat bugungi kunda tarmoqdagi barcha blog va kanallarni qamrab olgan. Aytish mumkinki, bu harakat mahalliy chempionat uchun qora piar vazifasini o‘tab bera oldi.

Vaziyat aslida qanday bo‘lgandi?

Vaziyat ortda qolib, o‘yin yakunlangach uchrashuvda qizil kartochka olgan Usmonali Ismonaliyev vaziyatga oydinlik kiritdi.

"Muhammadkarim bilan yoshlikdan katta bo‘lganmiz, uch yil bitta jamoada to‘p surdik. Og‘ir kunlarimizda bir-birimizni qo‘lladik, yonma-yon bo‘ldik. Oilaviy bordi-keldimiz bor. Qisqasi, u bilan aka-ukadek yaqinmiz, qalinmiz. Uchrashuvdan avval ham Toirov bilan ancha suhbatlashdik, hazillashdik. Golimiz VARda tekshirilayotganda Muhammadkarim bilan hazillashdik. Boshqa jiddiy gap yo‘q. Vaziyatni chuqurlashtirish, muammo izlash, vahima ko‘tarish shart emas. Agar o‘sha hazilim uchun qizil kartochka ko‘rsatilishini bilganimda Muhammadkarimni oldiga umuman yaqinlashmasdim. Xo‘p, men chetlatildim, vaziyatni qo‘rqinchli qilib ko‘rsatish, Toirovni yiqitib, uni yotgan joyida tepish shart emas. Hakam cho‘ntagidan kartochka chiqardi, fikridan qaytmaydi. Hazillashganim uchun qoidaga amal qilishdi, chetlatishdi, insoniylik ikkinchi “planga” tushdi, e’tiroz yo‘q, ammo yana qaytaraman, vaziyatni vahimali ko‘rsatishga harakat qilish noto‘g‘ri. Toirov o‘sha vaqtda hakamga qizil kartochka ko‘rsatmang demoqchi edi, ulgurmay qoldi, chunki uni yiqitishdi. Buning uchun o‘zi mendan uzr so‘radi. Aslida meni xafa qilgani boshqa narsa, hisob tenglashguniga qadar o‘yindagi ustunlik biz tomonga o‘tayotgan edi, maydondan chetlatilganimdan so‘ng hammasi o‘zgarib ketdi. Shunisi alam qildi. Chetlatilganimdan so‘ng kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldim, tanaffusga qadar o‘yin biz uchun teskari ko‘rinish oldi. Shundan keyin chetlatilganim jiddiy tarzda alam qildi. O‘zimni hammasiga aybdorlik hissi qamrab oldi. Ehtiyotsizligim uchun muxlislar va murabbiylar shtabidan uzr so‘rayman!"

Ushbu voqelikdan so‘ng, "Burgutlar" ballarini 4 taga yetkazib, to‘plar nisbatiga ko‘ra chempionat peshqadamiga aylangan bo‘lsa, ballsiz qolgan "Bunyodkor" esa so‘nggi pog‘onadan joy oldi.