$
 12236.13
23.34
 14439.86
28.77
 159.10
-0.42
weather
+26
Кечаси   +14°

Internetsiz o‘tgan ikki hafta miyani 10 yilga “yoshartiradi”

AQSh va kanadalik olimlar ruhiy salomatlikni yaxshilashning kutilmagan va oddiy usulini aniqlashdi. Buning uchun hech qanday murakkab uslublar yoki qimmatbaho dasturlarning keragi yo‘q. Shunchaki ikki hafta davomida telefondagi internetni o‘chirib qo‘yish kifoya.

Eksperiment natijalari shu qadar hayratlanarli bo‘ldiki, uning samarasi o‘n yil davomida yo‘qotilgan kognitiv qobiliyatlarning qayta tiklanishiga tenglashtirildi.

Tadqiqot nimalarni ko‘rsatdi?

Mazkur ish nufuzli PNAS Nexus ilmiy jurnalida chop etildi. Tajribada o‘rtacha yoshi 32 da bo‘lgan 467 nafar iPhone egasi ishtirok etdi.

Tadqiqotchilar ko‘ngillilarning irodasiga tayanib o‘tirmasdan, barcha ishtirokchilarning telefoniga mobil internetni bloklovchi maxsus ilova o‘rnatishdi. Bunda telefonning asosiy funksiyalari — qo‘ng‘iroq qilish, SMS yuborish, foto va videoga olish imkoniyati saqlab qolindi. Biroq ijtimoiy tarmoqlar va cheksiz “skrolling” (tasvirlarni varaqlash) imkoniyati butunlay yopib qo‘yildi.

Eksperiment boshlanishidan oldin ishtirokchilar telefonda kuniga o‘rtacha besh soat vaqt o‘tkazishgan. Shuningdek, ular o‘zlarining psixo-emotsional holatlarini baholash uchun maxsus testdan o‘tishdi.

Hatto olimlarni ham hayratga solgan natijalar

Oradan ikki hafta o‘tgach, ko‘ngillilarning aksariyati o‘zlarini ancha baxtli va xotirjam his qilayotganliklarini bildirishdi. Hayotdan mamnunlik darajasi sezilarli darajada oshdi.

Ayniqsa, diqqat-e’tiborni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan testlar hayratlanarli natija berdi: ularning ko‘rsatkichlari odatda o‘n yil davomida yomonlashadigan kognitiv funksiyalarning tiklanishiga mos keldi.

Ekran qarshisida o‘tkazilgan vaqt kuniga besh soatdan uch soatga tushdi. Bo‘shagan vaqtni ishtirokchilar oilasi bilan o‘tkazishga, ko‘proq sayr qilishga, sport bilan shug‘ullanishga va jonli muloqotga sarflay boshlashdi. Uyqu davomiyligi esa o‘rtacha 17 daqiqaga uzaydi.

Tadqiqot mualliflarining ma’lumotlariga ko‘ra, internetdan vaqtincha voz kechish samarasi odatda antidepressantlar qabul qilinganda kuzatiladigan natijalardan ham yuqoriroq bo‘lib chiqdi.

Bu nima uchun foydali?

To‘xtovsiz axborot oqimi, xabarnomalar va doim onlayn bo‘lish zarurati inson miyasida cheksiz poyga hissini uyg‘otadi. Bu esa xavotirni kuchaytirib, diqqatni pasaytiradi, natijada depressiya va ijtimoiy izolyatsiyaga sabab bo‘lishi mumkin. Internetga kirishni cheklash raqamli zo‘riqishni kamaytiradi. Miya “qayta yuklanish”, diqqatni tiklash va stress darajasini tushirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

To‘g‘ri, mobil internetsiz ikki hafta davomida to‘liq chidashni ishtirokchilarning atigi 25 foizi uddaladi. Qolganlar cheklovlarni chetlab o‘tish yo‘llarini izlab topishgan.

Shunga qaramay, vaqti-vaqti bilan “qoidani buzganlar”da ham ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi.

Sinab ko‘rishga arziydimi?

Internetdan keskin voz kechish, haqiqatan ham, oson emas. Biroq tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, hatto raqamli yuklamani vaqtincha cheklash ham emotsional holat va diqqatni sezilarli darajada yaxshilashga qodir.

Ehtimol, biz doimiy onlayn bo‘lishga qanchalik bog‘lanib qolganimizni va bunga haqiqatda ehtiyojimiz bor-yo‘qligini anglab yetishimiz uchun ikki hafta yetarli bo‘lar.

Теги :
Jamiyat